← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Kinoyaviylik

Kinoyaviylik – 1) komiklik koʻrinishlaridan biri, voqelikka gʻoyaviy-hissiy munosabat turi. Bu holda muallif butun asar voqeligiga yoki uning bir qismiga (ayrim xarakterlarga) nisbatan kinoyaviy munosabatda boʻladi, asar kompozitsiyasi kinoyaviy nuqtai nazarni ifodalashga mos ravishda quriladi. Kinoyaviy munosabat ideal va voqelik oʻrtasidagi keskin nomuvofiqlikni anglashdan tugʻiladi. Shunga koʻra, K.ning maqsadi faqat kulgi hosil qilishgina boʻlib qolmay, vaziyatning qanchalik jiddiyligi va hatto fojeiyligini ham taʼkidlab koʻrsatishdan iborat boʻladi. K.da tasdiq orqali inkor yoki inkor orqali tasdiq maʼnosi ifodalanadi. K. komiklikning alohida turi sifatida yumor va satiradan subyektiv ibtidoning yetakchiligi bilan farqlanadi, yaʼni obyektdagi komik ziddiyat koʻproq muallif munosabati orqali yuzaga chiqariladi. G.Pospelovga koʻra, kinoya va uning yuqoriroq darajasi boʻlgan sarkazm komiklikning asosiy turlari – yumor va satiraning subyektiv tomonini tashkil etadi. Yaʼni voqelikni maʼnaviy-axloqiy (yumor) yoki ijtimoiy (satira) mavqedan idrok etish jarayonida muallifda kinoya yoki sarkazm tuygʻusi tugʻiladi. Koʻp hollarda K.ga yumor va satiraning fonida, yumoristik va satirik asarlarning yordamchi vositasi deb qaraladi. Biroq K. yumoristik yoki satirik boʻlmagan asarlarda ham kuzatilishi mumkin (mas., F. de Laroshfuko maksimalari, Umar Xayyom ruboiylari). Obyekt tanlamasligi, subyekt kayfiyatidan kelib chiqib har qanday obyektga ham qaratilishi mumkinligi tufayli G.Pospelov unga pafos turlaridan biri sifatida qaramaydi. Shunday boʻlsa-da, K.ga muallif emotsionalligi tiplaridan biri (V.Xalizev) sifatida qarash zarur; 2) badiiylik modusi. Soʻnggi davr jahon adabiyoti taraqqiyoti davomida kinoyaviy munosabatning butun asar tuzilishini belgilashdagi ahamiyati ortdi. Agarda ilgari kinoyaviy munosabat faqat kichik janrlardagi asarlar (mas., xalq latifalari, Umar Xayyom ruboiylari, F. de Laroshfuko maksimalari) strukturasini belgilagan boʻlsa, XX asr adabiyotida, xususan, 80-yillar oʻzbek nasrida (M.Muhammad Doʻst. “Lolazor”) boshdan-oyoq kinoyaviylikka asoslangan asarlar yaratildiki, ularni ayni modus xususiyatlarini eʼtiborga olgan holdagina badiiyatga doxil asarlar hisoblash mumkin boʻladi. Kinoyaviylik badiiylik modusi sifatida “oʻzim uchun men”ning “boshqalar uchun men”dan keskin ajralishi (farqlanishi) natijasida yuzaga keladi. Kinoyaviy “men” tashqi borliqqa ichdan aloqasizligi, u bilan munosabatda boʻlmasligi bilan xarakterlanadi. Kinoyaviy asar muallifi masalani axloqiylashtirmaydi (bu, ayni paytda, axloqqa zid nuqtai nazar emas), muallif qahramon va voqelikni baholar ekan, hatto ana shu baho prinsiplaridan ham chetlashib, ularga boshqa tarafdan nazar tashlaydi. Zero, K. satira va yumordagi kabi reallikni baholash bilangina cheklanmaydi, shu bois ham voqelik va badiiy asardagi har qanday ijtimoiy-maʼnaviy (baʼzan estetik) ideal yoki gʻoyaviy-hissiy munosabat kinoyaning obyekti boʻla oladi. Shu maʼnoda kinoya “hukm ustidan hukmdir”. Kinoyaviy nuqtai nazar subyekti hamma narsadan – nafaqa qahramon, balki umuman voqelikdan chetlashgan, uzilgan holda ularni yuqoridan kuzatadi, qahramonning ojizligi, u tushib qolgan vaziyatning absurd – maʼnisizligini goʻyo oʻta hissizlik, befarqlik bilan kuzatar, tasvirlar ekan, bunday maʼnisiz vaziyatga muallif ham, kitobxon ham tushib qolishi mumkinligini anglab turamiz. Shunga koʻra, kinoyaviy nuqtai nazar egasi nafaqat obyektdan, balki oʻz-oʻzidan ham chetlashgan boʻladi. Bu esa, oʻz navbatida, kitobxondan ham oʻzidan, maʼnaviy-axloqiy prinsiplaridan, eʼtiqod va aʼmolidan chetlasha olish (voz kechish emas), ularga chetdan nazar tashlay olishni talab qiladiki, busiz oʻquvchi kinoyaviy modusdagi asar badiiyatini tushuna olmaydi, unda katarsis roʻy bermaydi. Shuning uchun ham kinoyaviy adabiyot kitobxonlarni keskin ajratib qoʻyadi. Yaʼni kinoyaviy asarning qabul qilinishi, kinoyaviy badiiyatning yuzaga chiqishida muallif-obyekt-adresat uchligidagi adresatning ahamiyati yanada ortadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish