← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Kiritma hikoya

Kiritma hikoya – voqeaband syujetli asar tarkibiga kiritilgan mustaqil hikoya. K.h., odatda, asar syujeti bilan bevosita bogʻlanmaydi, oʻzining mustaqil syujetiga ega boʻlib, asar butunligiga mazmuniy jihatdan bogʻlanadi va badiiy konsepsiyani ifodalashga xizmat qiladiki, shu jihatlari bilan u mohiyatan gap tarkibidagi kiritma konstruksiyalarga oʻxshashdir. Mas., “Oʻtgan kunlar”dagi usta Olim hikoyasi roman asosiy syujetiga bevosita bogʻliq emas: u bosh qahramon bilan tasodifan uchrashib qolgan kishining hikoyasi sifatida beriladi. Lekin ayni shu hikoya asarda bir qator badiiy-estetik funksiyalarni bajaradi: Otabek bilan usta Olimni qalban yaqinlashtiradi, ularning qiyomatlik doʻst boʻlib qolishini asoslaydi; Otabek shu doʻstlik tufayli dushmanini taniydi, gʻanimlari rejasidan voqif boʻladi – yaʼni K.h. bilvosita syujetning keyingi rivojini asoslaydi; adibga ikki tipdagi odam (yangicha fikrlaydigan Otabek va eskicha fikrlaydigan usta Olim)ni qiyoslash va shu asosda oʻzining badiiy falsafasini yanada yorqin ifodalash imkonini beradi. Yozuvchining olam, odam va zamon konsepsiyasi – badiiy falsafasini shakllantirish va ifodalashda K.h. nechogʻli muhim unsur ekani “Asrga tatigulik kun” (Ch.Aytmatov) romani misolida yaqqol koʻrinadi. Romanga kiritilgan “Nayman ona hikoyasi” adibga asar yozilgan davrda oʻta dolzarblashgan manqurtlik fojiasi, Chingizxon hayotidan naql etuvchi “Sarioʻzakdagi qatl” hikoyasi cheklanmagan mustabid tuzum mohiyati va u insoniyatga keltirishi mumkin boʻlgan fojialar, Raymali ogʻa haqidagi hikoya esa shaxs erki va uning daxlsizligi masalalarini badiiy mushohada etish imkonini beradi. Asar toʻqimasiga singdirib yuborilgan mazkur K.h.lar asosiy syujet voqealari bilan yaxlit mazmuniy butunlikni tashkil qiladi va ayni shu butunlik adibning olam, odam va zamon haqidagi badiiy konsepsiyasini ifodalaydi. K.h.lar hajmi, janr xususiyatlariga koʻra turlicha (kiritma epizod, rivoyat, afsona, latifa, hikoya, qissa) boʻlishi, ularning asar strukturasiga kiritilishi turlicha usullar (personaj hikoyasi, birovning qoʻlyozmasi va b.) bilan asoslanishi yoki asosiy syujetga parallel tarzda berib borilishi (mas., U.Hamdam. “Isyon va itoat”) mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish