← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Kitobat

Kitobat (ar. كتابت – yozuv, yozish, koʻchirib yozish, xat yozish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, baytda arab harflari vositasida oʻziga xos tashbeh yaratish. Yaʼni K. sanʼatida arab harflari mushabbihun bih vazifasini oʻtaydi: ushbu sanʼat arab harflarining yozuvdagi shakli bilan biror narsa-hodisa, holat (koʻproq yorning aʼzolari, oshiqning egilgan qaddi va sh.k.) oʻrtasidagi oʻxshashlik asosida voqe boʻladi. Shuning uchun ham K.ni alohida sanʼat emas, tashbehning bir koʻrinishi sifatida tushunish toʻgʻriroq boʻladi. Mas., Erkin Vohidovning:

Hajrda qaddimni dol etting, desam bergay javob,

Kim qoʻyibdi sevgini qaddi bukilgan chol uchun, –

baytida oshiqning hijron azobidan egilgan qaddi – mushabbih, “dol” (د ) harfi esa mushabbihun bihdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish