← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Klassika

Klassika (lot. classicus – namunali, mumtoz) – eng yaxshi, namunali, mumtoz deya eʼtirof etilganlik. Yaʼni, aslida, K. termini oʻzida baho munosabatini ifodalaydi. Shunga qaramay, K. soʻzining muomala amaliyoti va adabiyotshunoslikdagi qoʻllanishida turlichalik mavjud. Jumladan, u konkret asar ( “Xamsa”, “Oʻtgan kunlar”, “Anor” va h.), muayyan bir ijodkor (A.Navoiy, A.Qodiriy, A.Qahhor) yoki butun bir davrga (Oʻzbek klassik adabiyoti) nisbatan ham qoʻllanaveradi. Mazkur holatlarning birinchisida baho munosabati toʻliq saqlanadi, chunki bu oʻrinda har jihatdan namunali boʻlgan mukammal badiiy asar nazarda tutiladi. Ikkinchi holda ham baho munosabati ustuvor, shuning uchun terminni oʻylabroq ishlatgan maʼqul: oʻz ijodi bilan badiiy tafakkurni sezilarli olgʻa siljita olgan ijodkorlarga nisbatangina klassik deyish toʻgʻri boʻladi. Uchinchi holda esa baho munosabati oʻrnini davr maʼnosi egallaydi, yaʼni oʻzbek klassik adabiyoti degani “eng yaxshi, namunali” degani emas, balki X – XI asrlardan boshlab XX asr boshlarigacha boʻlgan oʻzbek adabiyoti demakdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish