← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Klassitsizm

Klassitsizm (lot. classicus – namunali, mumtoz) – XVII asrdan XIX asr boshlariga qadar Yevropa sanʼatida kuzatilgan estetik hodisa, shu davr adabiy jarayonida yetakchi mavqe tutgan adabiy yoʻnalish. Mutaxassislar K.ning paydo boʻlishini 1515 yil – italyan yozuvchisi Trissinoning «Sofonisba» tragediyasi yaratilishidan boshlab belgilashadi. Trissino bu asarini antik tragediya namunalariga tayangan holda, syujet voqealarini antik Rim tarixchisi Tit Liviy asarlaridan olib, Arastu “Poetika”sida qoʻyilgan talablarga rioya qilgan holda yaratgan edi. Xuddi shu narsa, antik adabiyotni etalon deb bilish, undagi obrazlar va poetik shakllardan foydalanib va antik davrda ishlab chiqilgan qoidalarga amal qilgan holda ijod qilish talabi K.ning asosiy xususiyatlaridan biri sanaladi. K.ning nazariy asoslari Uygʻonish davrining oxirlarida, xususan, L.Kastelvetro, Yu.S.Skaligerlarning poetikaga oid risolalarida paydo boʻla boshlagan edi.

Fransiyada K. adabiy yoʻnalish sifatida toʻla qaror topib, adabiy jarayonda yetakchi mavqe egallagan boʻlib, fransuz K.i Yevropadagi boshqa xalqlar adabiyotlariga jiddiy taʼsir koʻrsatgan. Fransiyada K. madaniyatining gullab-yashnashiga asos boʻlgan qator omillar mavjud edi. Avvalo, mavjud ijtimoiy-tarixiy sharoitda K. davlat va millat manfaatlariga toʻla mos edi. XVII asrga kelib markazlashgan davlat tashkil qilish harakati nihoyasiga yetgan, tom maʼnodagi absolyut monarxiya oʻrnatilib, Fransiya Yevropadagi eng qudratli mamlakatga aylangan edi. Mazkur sharoitda K. hukumat tan olgan rasmiy va chin maʼnoda yetakchi badiiy metod boʻlib qoldi. Qirol hukumati klassitsist adiblarga maosh tayin qiladi, ularni qoʻllab-quvvatlaydi; hukumatning til va adabiyot sohasidagi siyosati Fransuz akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Hukumatning bu masalaga jiddiy eʼtibor berishi bejiz emas. K. adabiyoti fransuz davlatchiligining mustahkamlanishi, fransuzlarning yagona millat sifatida birlashishiga xizmat qilishi lozim ediki, u ushbu missiyani sharaf bilan uddaladi, fransuz jamiyati va milliy madaniyati tarixidagi juda muhim bosqich boʻlib qoldi.

Fransuz K.ining gullab-yashnashiga asos boʻlgan yana bir muhim omil Dekart taʼlimoti boʻlib, u XVII asr fransuz falsafiy tafakkurining choʻqqisi hisoblanadi. Dekart falsafada ratsionalizm oqimining asoschisi, unga koʻra, haqiqatning bosh mezoni va manbai ongdir. Yaʼni Dekart haqiqat manbai borliqda yoki tajribada emas, balki tafakkur qurilmalarida deb biladi. Shundan kelib chiqqan holda K.ning asosiy tamoyillari belgilanadi. Ularga koʻra, sanʼat aql tomonidan qatʼiy tartibga solinishi kerak, badiiy asar aqlga muvofiq va aniq tahlilga imkon beradigan tarzda qurilishi lozim, sanʼat asarining kuchi tafakkur qudrati va mantigʻi bilan belgilanadi. K. estetikasi, poetikasining asoslari, ularning normativ xarakterga egaligi sanʼatni shunday tushunishdan kelib chiqadi. K. nazariyotchilaridan biri La Menardyer oʻzining «Poetika» (1639) asari haqida “Men Sanʼat boʻyicha yoʻriqnoma yozishga harakat qildim”, bu mashaqqatli ishga jazm qilarkan, “Faylasufga (Arastuga – tuzuvchilar) badiiy mahoratga oid barcha haqiqatlarning manbai deb qaradim”, deydi. Yaʼni, unga koʻra, “Poetika” ijodkorlar amal qilishi lozim boʻlgan qoidalar majmui (yoʻriqnoma), antik davrda ishlab chiqilgan qoidalar esa etalondir. Xuddi antik davrdagi kabi, K. ham adabiyotni tabiatga taqlid deb biladi, uning vazifasini qatʼiy qoidalar asosida tabiat (olam)ni ideal uygʻunlikdagi tartibi bilan namoyon etish – sanʼat hodisasiga aylantirishda koʻradi. K. uchun mangu, vaqt hukmiga boʻysunmaydigan qadriyatlargina estetik qimmatga ega. Shunday qadriyatlarni ifodalash uchun K. antik adabiyotdagi obrazlar, syujetlarni asos qilib, ularga universallik baxsh etishga intiladi. Olamga xos muayyan qonuniyat asosidagi tartibot sanʼatda ham boʻlishi lozim deb bilgan K. nazariyotchilari badiiy ijodda belgilangan qoidalarga ogʻishmay amal qilishni talab etadi. Mas., ular “yuksak” (tragediya, epopeya, oda) va “tuban” (komediya, satira, masal) janrlarni ajratishadi, ularga xos xususiyatlarning aralashishi mumkin emas; har bir janrga xos syujet, material, mazmun, ruh, qahramonlar qatʼiy belgilangan; dramatik asarda uch birlik (voqea, vaqt va joy birligi) qoidasiga amal qilish shart va h. deb bilishgan. Eʼtiborli tomoni shuki, K. davrida adabiyotning mohiyati, vazifalari, badiiy asarning qurilishi masalalaridan bahs etuvchi koʻplab asarlar yaratilgan, jumladan, N.Bualoning “Sheʼriy sanʼat” asarida K.ning adabiy-estetik qarashlari mufassal ifodasini topgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish