← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Kolliziya

Kolliziya (lot. collisio – toʻqnashuv) – badiiy asarda tasvirlangan voqea asosida yotuvchi personajlar orasidagi toʻqnashuvlar, ziddiyatlar. Ilmga Gegel tomonidan kiritilgan K. termini adabiyotshunoslikda baʼzan konfliktning sinonimi sifatida qoʻllanadi. Shunga qaramay, ularni sezilarli farq bilan qoʻllash amaliyoti ham mavjud. Jumladan, ziddiyatlarni oʻtkirlik jihatidan darajalagan holda K.ni oʻtkir ziddiyat maʼnosida tushunish; koʻlam jihatidan darajalagan holda tarixan global xarakterdagi toʻqnashuvlarni K. deb atash; shuningdek, K.ni konfliktga nisbatan torroq koʻlamda qoʻllab, konfliktning bir koʻrinishi, asosan, epik asarlar voqea rivojidagi bir holat – situatsiyadagi (q.) personajlar ziddiyati sifatida ham tushuniladi. Keyingi davr adabiyotshunosligida K.ni soʻnggi maʼnoda, yaʼni tasvir predmeti sifatidagi ziddiyat (konflikt) emas, uning tarkibiy qismi – ichki strukturaning elementi sifatida tushunish kengroq ommalashmoqda.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish