← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Komediya

Komediya (yun. komos – quvnoq marosim, ode – qoʻshiq) – dramatik turning uchta asosiy janridan biri, antik davrdayoq janr sifatida shakllangan. K. dramatik turning komiklikka asoslangan janri boʻlib, unda xarakterlar, holat va voqealar kulgili tarzda, komiklikka yoʻgʻrilgan holda taqdim etiladi. Antik zamonlardan to klassitsizm davriga qadar K.da tragediyaning ziddi koʻrilgan (tragediya fojiali yakun topadi – K. baxtli; tragediya favqulodda kuchli shaxslar – K. da quyi tabaqa kishilari; tragediya tarixiy voqeaga asoslanadi – K.da toʻqima va h.), adabiyotshunoslikka oid risolalarda tragediyaga yuksak, K.ga esa tuban janr sifatida qaralgan. Mazkur hol XVIII asrgacha, maʼrifatchilik adabiyotida oraliq janr sifatida drama paydo boʻlgunga qadar davom etgan. Keyingi ikki asr davomida K. muttasil rivojlandi, turfa janr xususiyatlarini kasb etib, imkoniyatlari kengaydi.

K.ning asosida yotuvchi ijobiy kuch – kulgi, u jamiyat hayotida, kishilar feʼl-atvorida mavjud kamchiliklar, idealga nomuvofiq jihatlarga qaratilgan boʻladi. K.ning markazida komik xarakterlar turadi. Odatda, komik xarakter deganda, oʻzida idealga tamoman zid illatlarni jamlovchi yoki ulardan ayrimlarini namoyon etuvchi personajlar nazarda tutiladi. Bu oʻrinda asosiy shartlardan biri shuki, komik personaj oʻzining mavjud holatini idrok etmaydi, oʻziga real baho berishga ojiz. Aksincha, u oʻzini bor holiga nisbatan tamoman teskari baholashga moyil: gʻirt tentak boʻlgani holda oʻzini aqlli sanaydi, maʼnan tuban boʻlgani holda oʻzini pokdomon biladi – oʻzini oʻzgalarga shunday sifatlarda taqdim etishga chiranadi. Mas., Uygʻunning “Parvona”sidagi Oʻtkuriy maʼnan tuban, axloqan buzuq, oddiy mahmadanayu firibgar boʻlgani holda oʻzini aqlli, soʻzamol, uddaburon, yashashni biladigan va h. fazilatlar egasi deb hisoblaydi, shunday koʻrinishga urinadi. Xuddi shu narsa – xarakterning mohiyati bilan mavjudligi orasidagi nomutanosiblik komiklikni, xarakter komikligini yuzaga chiqaradi. K. holat komikligi asosiga ham quriladi. Mas., S.Ahmadning “Kelinlar qoʻzgʻoloni”, “Kuyov” asarlarida holat komikligi ustuvor mavqega ega. Aslida, bu xil farqlashda shartlilik bor, chunki K.da xarakter komikligi bilan holat komikligi uygʻunlashib keladi, ular bir-birini toʻldiradi, biri ikkinchisini namoyon etadi.

K. satirik yoki yumoristik ruhda boʻlishi mumkin, har ikki holda ham u gʻoyaviy-hissiy inkor qiladi: satirik ruhdagi komediya qalamga olingan xarakter yoki holatni toʻla inkor qilsa, yumoristik ruhdagi komediya xarakter yoki holatdagi ayrim jihatlarni qisman inkor qiladi. Mas., A.Qahhorning “Tobutdan tovush”, “Ogʻriq tishlar” K.lari satirik ruhdagi asarlar sanalsa, E.Vohidovning “Oltin devor” asarida yumoristik ruh ustuvorlik qiladi. K.dagi kulgini joʻn tushunmaslik lozim, chunki chinakam komiklik ijtimoiy ahamiyatga molik kulgini taqozo etadi, bunday kulgi kishini oʻylatadi, kuldirib kuydiradi, yigʻlatadi. Shu maʼnoda, har qanday kulgili sahna asarini K. sanash xato boʻlur edi. Chinakam komizm bilan yoʻgʻrilgan dramatik turning bu janrini koʻproq tashqi sahna effektlari orqali kuldirishga qaratilgan fars, quvnoq kulgi qoʻzgʻatuvchi vodevil yoki xalq sayillarida ijro etiluvchi qiziqchi-masxaraboz tomoshalaridan farqlash kerak.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish