← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Komiklik

Komiklik (yunon. komikos – kulgili, quvnoq) – hayotdagi va sanʼatdagi kulgililik; badiiy asarda ijodkor idealiga zid xarkter va hodisalarning kulgi yoʻli bilan inkor etilishi. K. umumestetik kategoriya sanalib, badiiy sanʼatlarning barida (meʼmorlikdan tashqari) kuzatilishi mumkin. Har qanday kulgi ham K. sanalavermaydi, bu oʻrinda ijtimoiy ahamiyatga molik kulgi nazarda tutiladi. Yaʼni K. muayyan tarixiy sharoitda jamiyat taraqqiyotining mavjud holati, undagi taraqqiyparvar kuchlar, ilgʻor ideallarga nomuvofiq boʻlib qolgan ijtimoiy faktlar (voqea-hodisalar, gʻoyalar, urf-odatlar, turmush tarzi, ijtimoiy munosabatlar; insonlarning xatti-harakatlari, maʼnaviy-axloqiy qiyofasi va sh.k.) ustidan kulish sifatida voqe boʻladi. Yaʼni K. obyekt va subyekt birligida namoyon boʻladi: uning yuzaga kelishi uchun obyektdagi nomuvofiqlikni koʻra oladigan va ideal nuqtai nazaridan baholay oladigan subyektning boʻlishi shart qilinadi. Shu bilan birga, K.ning turli koʻrinishlarida obyektiv va subyektiv ibtidolar nisbati, K.ning yuzaga chiqish yoʻsini bir xil boʻlmaydi. Mas., satira (q.) va yumorda (q.) subyekt munosabati koʻproq obyektdagi ziddiyatni boʻrttirib koʻrsatish orqali namoyon boʻlsa, kinoya (q.) va sarkazmda (q.) obyektdagi ziddiyat, asosan, muallif munosabati orqali yuzaga chiqariladi. Shuning uchun ham sarkazm va kinoya obyektida nomuvofiqlik yaqqol koʻzga tashlanmaydi, ular koʻp jihatdan kontekst bilan bogʻliq boʻladi. Komik munosabat obyekti oʻzida idealga tamoman zid illatlarni yoki ulardan ayrimlarini namoyon etadiki, shu jihatdan satira va yumor koʻrinishlari farqlanadi. Satira obyektda idealga mutlaqo zid, jamiyatning joriy holati nuqtai nazaridan toʻla inkor qilinuvchi ziddiyatlarni aks ettirsa, yumorda obyektdagi ayrim jihatlarnigina inkor qilish koʻzda tutiladi. Adabiyotning badiiy arsenalida K.ni yuzaga chiqaruvchi qator badiiy usul va vositalar mavjud boʻlib, ularga grotesk, karikatura, parodiya, kalambur, zakiylik, ezop tili, komik kontrast kabi qator vositalarni misol qilish mumkin. Ushbu vositalarning bir qismi obyektni deformatsiyalangan tarzda tasvirlashga, boshqa bir qismi esa subyektiv munosabatni turli yoʻsin va darajada ifodalashga xizmat qiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish