← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Kompozitsiya

Kompozitsiya (lot. composition – tuzish, biriktirish) – badiiy asar qismlarini yaxlit badiiy niyat (muayyan konsepsiyani shakllantirish va ifodalash, koʻzlangan gʻoyaviy-estetik taʼsir) ijrosi uchun eng optimal holda joylashtirish, badiiy sistema (asar)dagi unsurlarni oʻzaro aloqa va munosabatlari ravshan anglashiladigan tarzda butunlikka biriktirish. Yaʼni kompozitsiya badiiy shaklning unsuri emas, u, avvalo, shakl komponentlarini badiiy mazmunni shakllantirish va ifodalash uchun eng qulay tarzda uyushtirishga qaratilgan amal, shuni amalga oshirish prinsiplaridir. Ayni amal tufayli asar unsurlari shunday uyushtiriladiki, natijada unda bironta ham ortiqcha unsur boʻlmaydi, har bir unsur butun tarkibida oʻz funksiyasiga ega boʻladi va muayyan gʻoyaviy-badiiy yuk tashiydi. K. tushunchasi badiiy asarning barcha sathlariga birdek taalluqli, uning qaysi sathi haqida gap ketmasin, qurilishining ayni shu aspekti diqqat markazida turadi: matn qurilishi (bob, sarlavha, asosiy va yondosh matn), badiiy nutq shakllari (hikoyalash, tavsif, dialog), rivoya subyektlari (muallif, personaj, oʻzga shaxs), nuqtai nazar (roviy yoki personaj nigohi orqali koʻrish)larning maqsadli almashinib turishi, personajlar sistemasi (bosh, ikkinchi darajali va yordamchi personajlar tarzida darajalanishi, ularning shunga mos oʻzaro munosabatdorlikda joylashtirilishi), syujet qurilishi (voqealarning zamon yoki sabab-natija munosabati asosidagi aloqadorligi, yuz berish va hikoya qilinish vaqti, turli makon va zamonda kechayotgan voqealarning oʻzaro bogʻliqligi, makoniy va zamoniy oʻzgarishlarning asoslanishi va b.) – bularning bari K. bilan bogʻliq tushunchalarning bir qisminigina tashkil qiladi. K. badiiy asarning chinakam sistema, yaʼni qismlardan tarkib topgan, lekin barcha qismlari oʻzaro mustahkam aloqadagi butunlikka aylanishini taʼminlaydi. Buning uchun esa qismlarning har biri oʻz oʻrni va oʻz meyorida, butun bilan mustahkam aloqada boʻladigan va bu aloqalar anglanadigan tarzda joylashtirilishi muhim. Yaʼni ijodiy niyatdayoq oʻqish jarayoni nazarda tutiladiki, ayni shu narsa ijod jarayoniga ham taʼsir qiladi, yaratilajak asar K.sining qanday boʻlishini belgilaydi. Oʻquvchi K. jihatidan yaxshi tashkillangan asardan to soʻnggi nuqtaga qadar yangi-yangi mazmun qirralarini kashf etib boradi, oʻqish davomida turfa hissiy holatlarni qalbdan kechiradi, aqliy yoxud ruhiy toliqish, zerikish hislaridan forigʻ boʻladi. Demak, badiiy asar K.si nafaqat asarning barcha komponentlarini uyushtirib, uning shakliy va mazmuniy butunligini taʼminlaydigan, balki uning oʻqilishi, uqilishi va kitobxonga gʻoyaviy-estetik taʼsirini boshqaradigan, xullas, asarni chinakam sanʼat hodisasiga aylantiradigan eng muhim unsur ekan. Shuning uchun ham K.ga badiiy shaklning gultoji sifatida qaraladi, muayyan asar badiiyati haqida gap ketganda, uning kompozitsion xususiyatlariga, badiiy mahorat haqida soʻz borganda, shu boradagi mahoratga ayricha eʼtibor beriladi. Zero, badiiy asarda hayot muayyan badiiy shaklga solingan holda aks ettiriladi, unda yangi reallik – badiiy voqelik yaratiladi. Yaʼni sanʼatkor bir butunlikdan ikkinchi bir butunlikni – voqelikning badiiy modelini yaratishi, hayot materiali (dispozitsiya)ni badiiy asar (kompozitsiya)ga aylantirishi zarur boʻladi. Shu bois ham dispozitsiyani K.ga aylantira olish iqtidori ijodkor shaxsning tugʻma imkoniyatlari sirasida eng muhimi sanalib, isteʼdod kuchi shu iqtidorning qay darajada ekanligi bilan belgilanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish