← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Konflikt

Konflikt (lot. conflictus – toʻqnashuv) – personajlarning asar syujetida badiiy ifodasini topadigan oʻzaro toʻqnashuv va kurashlari, qahramon bilan muhit orasida yoki uning ruhiyatida kechuvchi ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar. K. termini anʼanaviy tarzda koʻproq epik va dramatik asarlarga nisbatan qoʻllanadi. Chunki ular voqeaband syujetga ega boʻlib, tasviriy-dinamik sanʼat turlari sanaladi, yaʼni ularda rivojlanib boruvchi voqealar silsilasi – makon va zamonda kechuvchi harakat qalamga olinadi. Syujet voqealardan, voqealar esa personajlarning xatti-harakatlari, oʻzaro murakkab munosabatlari, ziddiyatlaridan tarkib topgani sababli ham hayot ziddiyatlarini umumlashtiruvchi voqealar tizimi sifatida taʼriflanadi. Syujet bilan K. orasida ikkiyoqlama aloqa kuzatiladi: bir tomondan, syujet K.larni umumlashtirib namoyon qiladi; ikkinchi tomondan, K. syujetni harakatga keltiruvchi asosiy kuch boʻlib, syujetning asosiy bosqichlarini belgilaydi: K.ning qoʻyilishi – tugun, K. keskinlashgan eng yuksak nuqta – kulminatsiya, K.ning u yoki bu tarzda hal etilishi – yechim.

Badiiy asar voqelikni aks ettirgani, uning markazida inson obrazi turgani uchun ham, insonning real hayotida mavjud konfliktlarning bari unda badiiy inʼikos etadi. Shu nuqtai nazardan badiiy K.ning uchta turini farqlash mumkin: 1) xarakterlararo; 2) qahramon va muhit; 3) ichki (psixologik). K.ning mazkur turlari badiiy asarda aralash holda zuhur qiladi va oʻzaro uzviy aloqada boʻladi: biri ikkinchisiga oʻtadi, biri ikkinchisini keltirib chiqaradi, biri ikkinchisi orqali ifodalanadi va h. Mas., Choʻlponning “Kecha” romanidagi Miryoqubning muhit bilan ziddiyati uning Akbarali bilan oʻzaro ziddiyatli munosabatlari fonida yetiladi, shu munosabatlar qahramon ruhiyatidagi murakkab jarayonga – oʻy-fikrlar kurashiga turtki beradi. K.ning barcha turlari ham qahramonni muayyan bir harakatga undaydi, bu esa uni syujetni yurgizuvchi kuch deyishga asos beradi: Akbarali bilan ochiq toʻqnashuv darajasiga yetmagan ziddiyati Miryoqubni harakatga – oʻzini valineʼmati bilan qiyoslash asosida oʻzining kimligini, hayotdagi oʻrnini anglashga undadiki, uning ruhiyatida murakkab oʻylov jarayoni (“ichki harakat”) boshlandi; oʻylovlar natijasida u oʻzini ijtimoiy shaxs sifatida tanishga, oʻzining ijtimoiy maqomini anglashga keldiki, bu endi uni faol ijtimoiy harakat (“tashqi harakat”)ga undashi tabiiy (uning jadidlarga xayrixoh mavqeni egallashi romanning ikkinchi kitobida Miryoqub ijtimoiy faoliyatda tasvirlanishi mumkin edi, degan taxminni paydo qiladi). Demak, K. personajning qay yoʻsin harakat qilishini belgilab, syujet voqealarining qay tarzda rivojlanishiga ham taʼsir qiladi. Mas., “Oʻtgan kunlar”dagi Otabek ruhiyatidagi ziddiyat shuki, u zamonasining ilgʻor ziyolisi sifatida inson shaxsini hurmat qiladi va, ayni chogʻda, oʻz davri, muhiti taʼsiridan butkul holi ham emas. Natijada Otabek muhit bilan K.da (ota-onasi uni ikkinchi bor uylantirishga jazm qilganda qarshi turgani mohiyatan qahramon-muhit K.i, faqat bu narsa ota-ona bilan munosabat orqali ifodalanadi) yon berdi: “bir bechoragʻa koʻra-bila turib jabr ham xiyonat...” boʻlayotganini, Zaynab “qarshisida bir jonsiz haykal” boʻlishini bilaturib, uylanishga rozilik berdi. Yaʼni Otabek ruhiyatidagi eskilik va yangilik kurashida avvalgisi ustun keldi: u oʻsha damda Zaynab shaxsini, uning huquqini himoya qilolmadi. Keyinroq, Zaynabning oʻziga nisbatan muhabbatini bilgach, Otabek aybini chuqur his qildi, shu bois ham Kumushning qatʼiy talablariga qaramasdan, uning javobini berishga jurʼat qilolmadi, natijada oʻzi istamagani holda fojiaga yoʻl ochib berdi. Koʻrinadiki, qahramon ruhiyatidagi ziddiyatlar uning muhit va shu muhitdagi kishilar bilan ziddiyati asosida yuzaga keladi, ayni paytda, ularga faol taʼsir ham qiladi – syujetning u yoki bu tarzda rivojlanishini belgilaydi. Bu esa K. syujetni harakatlantiruvchi kuch ekanligini koʻrsatuvchi yana bir yorqin dalildir. Aytilganlardan K.ning yana bir muhim funksiyasi ayon boʻladi: u shakl unsuri sifatida badiiy konsepsiyani ifodalashda muhim oʻrin tutadi, K. mazmun komponenti boʻlmish problema bilan bevosita bogʻliqdir. Boshqacha aytsak, K. problematikaning javharini tashkil etsa, uni hal qilish yoʻsini va yoʻnalishi badiiy konsepsiyaning oʻzagini tashkil etadi. Zero, har bir konfliktli holat turlicha hal etilishi, demak, voqealar rivoji ham shunga bogʻliq sifat koʻrinishiga ega boʻlishi, bu esa mos ravishda gʻoyaviy-hissiy munosabatni oʻzgartirishi va pirovard natijada badiiy konsepsiyaning oʻzgarishiga olib kelishi tabiiydir.

Adabiyotshunoslikda K. bilan bogʻliq hali tugal toʻxtamga kelinmagan, bahsli masalalar ham bor. Jumladan, lirik asardagi K. masalasi. Albatta, bu oʻrinda murakkablik koʻp jihatdan lirik asarlarda voqeaband syujetning yoʻqligi, adabiyotshunoslikda lirik asarga syujetsiz deb qarashning mavjudligi bilan bogʻliq. Modomiki, lirik asarda ham harakat – his-tuygʻu, oʻy-kechinmalar rivoji, syujetning spetsifik koʻrinishi bor ekan, uni ham K. harakatga keltiradi. Faqat lirikada K. ning namoyon boʻlishi oʻziga xos, epik va dramatik asardagi kabi ochiq koʻzga tashlanmaydi. Lirik qahramon his-tuygʻularini harakatlantirayotgan K. xarakterlararo, qahramon va muhit orasidagi koʻrinishlari koʻp hollarda asardan tashqarida qolsa ham, u lirik holatdan (qarama-qarshi his-tuygʻular, zid qoʻyilgan detallar, tasavvurdagi obyektga murojaat; hayot va oʻlim, savob va gunoh, vafo va xiyonat, oʻtmish va hozir singari tematik antinomiyalarni keltirish va sh.k. boshqa unsurlar yordamida) har vaqt anglashilib turadi. Yaʼni lirik asardagi K. doim ham tasvirda boʻrtib turmaydi, lekin har vaqt his etiladi. Bu esa har qanday badiiy asarda K. bor, muayyan bir adabiy turga mansub asarda badiiy K.ning muayyan bir turi yetakchilik qiladi, deganidir. Deylik, dramatik asarlarda xarakterlararo K., lirik asarlarda ichki K. (asarda aks etishi jihatidan) yetakchilik qilsa, epik asarlarda K.ning har uchala turi qorishiq holda namoyon boʻla oladi, deyishga asos beradi. Negaki, turlicha namoyon boʻlgani holda, har qanday badiiy asarda, uning qaysi turga mansubligidan qatʼi nazar, K.ning har uchala navi mavjud; ular oʻzaro aloqada boʻlib, biri ikkinchisini yuzaga chiqaradi, biri orqali ikkinchisi ifodalanadi .

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish