← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Kontekst

Kontekst (lot. con – birga, textus – mato, toʻqilgan) – 1) alohida soʻz (matn birligi)ni qurshab turgan va uning maʼnosi tushunilishiga asos boʻluvchi matn, uni tashkil etayotgan soʻzlarning bevosita lugʻaviy maʼnosidan keng boʻlgan maʼno tizimi. K. nutqiy boʻlakning shakliy ifodasi bilan mazmunining uygʻun birligini taʼminlaydi, undagi turfa maʼno jilvalarining reallashuvi, soʻzlovchining yetkazilayotgan informatsiyaga munosabatini ifodalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, ilmda K.ni faqat matn (ogʻzaki yoki yozma) doirasi bilan cheklamay, kengroq tushunish amaliyoti ham mavjud boʻlib, bunda nutq momenti, muloqot subyektlari, muloqotning umumiy mavzusi kabilarga ham K. sifatida qaraladi. Yaʼni bunday yondashishda K. kengayib borish xususiyatiga ega boʻladi; 2) adabiy asar – soʻzlardan tarkib topgan matn. Badiiy matnni tashkil etayotgan unsurlar bir-biri bilan qism-butun (tekst – kontekst) munosabatida boʻlib, qismning mazmuni butun ichida, butunning mazmuni esa qism orqali reallashadi. Agar asarning toʻliq matnini K. deb olsak, u oʻz ichida kichikroq K.larga (boʻlim, bob, abzats, jumla) ajraladi. Bular asarning ichki aloqalarigagina oid boʻlib, aslida, adabiy asar matn (tekst) sifatida oʻzidan tashqaridagi boshqa K.lar doirasiga ham kiradi. Badiiy asar sanʼatkorning yaratish onlaridagi ijodiy-ruhiy holati mahsuli sifatida, avvalo, ayni shu holat K.iga kiradi, oʻz navbatida, bu K. ham kengayib boradi: muallifning asarni yaratish paytidagi ijodiy-ruhiy holati – muallif biografiyasi – davr hayoti – millat tarixi. Ikkinchi tomondan, konkret asar milliy adabiyot taraqqiyotining muayyan bir bosqichi mahsuli sifatida davr adabiyoti K.iga kiradi va u ham kengayib boradi: ijodkor mansub adabiy avlod – davr adabiyoti – milliy adabiy anʼanalar – jahon adabiyoti anʼanalari. Mazkur K.larning har biri asarning u yoki bu qirrasini anglash, ochib berishga xizmat qiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish