← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Kulminatsiya

Kulminatsiya (lot. culmen – choʻqqi) – badiiy asarda voqealar rivojining eng yuksak nuqtasi, syujetning ziddiyatlar keskinlashib, konflikt yaqqol namoyon boʻladigan oʻrni. K. voqeaband syujetning muhim va zaruriy komponenti sanalib, yechimning yoʻnalishlarini belgilaydi, shu bois yechim boʻlmagan hollarda ham asar tugallik, estetik butunlik kasb eta oladi. Asarning syujet-kompozitsion xususiyatlari bilan bogʻliq holda K. turli darajada va turli sifat koʻrinishida boʻlishi mumkin: konsentrik syujetlarda K. boʻrtib (mas., “Mehrobdan chayon”: Anvarning xon bilan toʻqnashuvi) koʻzga tashlansa, xronikali syujetlarda u qadar ochiq koʻzga tashlanmaydi; yirik epik asarlarda K. butun boshli voqeani oʻz ichiga olsa, kichik epik shakllarda jajji epizod (mas., “Oʻgʻri”: Qobil bobo bilan amin suhbati) yoki birgina detal (mas., “Anor”: “Ajab qildim, jagarlaring ezilib ketsin!”) koʻrinishida boʻladi; odatda, asar finaliga yaqin joy olsa, baʼzan muayyan gʻoyaviy-badiiy maqsad bilan boshlanishdayoq (mas., “Dahshat”: Unsinning dodxoh bilan shart bogʻlashi) beriladi va h. Murakkab syujet qurilishiga ega epik asarlarda har bir syujet liniyasining oʻz K.si mavjud (mas., “Kecha”: Zebi syujet liniyasining K.si – toʻy arafasi; Miryoqub liniyasiniki – noib bilan suhbat; Akbarali liniyasiniki – Qumariq voqealari) boʻlib, ular asarning bosh K.siga (mas., “Kecha”da – sud jarayoni) boʻysundiriladi. K.ning muhim xususiyati shuki, u personajlar taqdiri, qarashlari, oʻzaro munosabatlarida sezilarli sifat oʻzgarishlariga olib keladi, voqealar oqimini oʻzgartiradi. Demak, K. deganda, voqealar keskinlashgan har qanday nuqtani emas, yuqoridagi talablarga javob beradigan nuqtani tushunish kerak.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish