← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Kundaliklar

Kundaliklar – koʻrgan-kechirganlarni kunma-kun, odatda, sanasini qayd etgan holda yozib borish; adabiyotdagi shu tarzda amalga oshirilgan rivoya shakli. Maishiy-shaxsiy janr sifatida K. ancha keng tarqalgan boʻlib, turli soha kishilari tomonidan yuritilgan K.ni birlashtiruvchi qator umumiy xususiyatlar mavjud. Avvalo, K.da muallifning koʻrgan-kechirganlari, his qilganlari bilan ularning qayd etilishi orasida vaqt masofasi yoʻq hisobida, yaʼni olingan taassurotlar sovumasidanoq qayd etiladiki, shu jihati bilan ular memuarlardan farqlanadi. Ikkinchi muhim xususiyat shuki, K. birovlarning oʻqishi uchun moʻljallanmaydi, ular muallifning oʻzi uchun yoziladi. Shu tufayli ham K.dagi muallif oʻy-fikrlari bayoni, izhorlarida samimiyat, munosabat va baho ifodasida haqqoniylik (yaʼni muallifning oʻyidagini yashirmay-netmay, hech bir istiholasiz yozishi) kuzatiladi. Xuddi shu narsa ularga qariyb hujjatlilik darajasida ishonarlilik baxsh etadi. Odatda, K.da koʻproq muallifning shaxsiy realligi, uning oʻzi bilan bevosita bogʻliq voqealar aks etadi, biroq shulardan kelib chiqqan holda, ularda olam va odam, hayotning mohiyati, biron bir konkret hayotiy masala yuzasidan umumiy tarzdagi mushohadalar ham ifoda etilaveradi.

Mazkur xususiyatlari tufayli yozuvchi-shoirlar yuritgan K. adabiyotshunoslik uchun, ayniqsa, biografik yoʻnalishdagi tadqiqotlar uchun beqiyos manbaga aylanadi. Bundan tashqari, K.ga xos xususiyatlar ayrim hollarda badiiy niyat ijrosi uchun juda qulay imkoniyatlar yaratadi. Shuning uchun adabiyotda K. shaklida qurilgan asarlar ham, K. shakli muhim kompozitsion unsur sifatida istifoda etilgan asarlar ham koʻplab uchraydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish