← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Latifa

Latifa (ar. لطيف – nozik, yoqimli, zarif, muloyim) – Yaqin va Oʻrta Sharq, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlari ogʻzaki ijodi va yozma adabiyotida keng tarqalgan janr; ixcham hikoyacha, anekdot. Xalq ogʻzaki ijodida L.lar tematik jihatdan turli-tuman, markazida koʻproq kulgili voqea yotadi, aksar hollarda voqea birgina epizod bilan cheklanib, hajviy-yumoristik ruh bilan yoʻgʻrilgan boʻladi. Umumiy qahramonga egalik ogʻzaki L.larning yana bir xususiyatidir. Jumladan, oʻzbek folklorida – Nasriddin Afandi (qisman, Mashrab, Kal), tojiklarda – Mushfiqiy, qozoqlarda Aldarkoʻsa, turkmanlarda – Kamina L.larning umumiy qahramoni sifatida harakatlanadilar. Folklorga xos variantlilik L.larda ham kuzatiladi, jumladan, bitta L.ning turli qahramonlar bilan bogʻlanish hollari koʻp uchraydi. Yozma adabiyotdagi L.lar koʻproq ibratli mazmundagi, oʻzgalar uchun ibrat boʻla oladigan shaxslar haqidagi moʻʼjaz hikoyachalar shaklida uchraydi. Agar L.ni janr sifatida belgilovchi xususiyatlar (ixchamlik, syujetning birgina hayotiy epizod asosiga qurilishi, tasvirlangan voqeaning kulgili yoki ibratli boʻlishi, qahramonlariga topqirligu zakiylik xosligi) eʼtiborga olinsa, Sharq mumtoz adabiyotidagi Saʼdiyning “Guliston” va “Boʻston”, Jomiyning “Bahoriston”, Navoiyning qator asarlari yoki Xoja hikoyatlari, shuningdek, Vosifiyning “Badoyeʼ ul-vaqoye” tipidagi qator tarixiy asarlar tarkibiga L. janriga mansub asarlar kirgani ayon boʻladi. L. janri zamonaviy folklorda ham ancha faol: isteʼdodli zamondoshlarimiz tomonidan bugungi hayotimiz bilan bogʻliq turfa mazmundagi L.lar yaratilib, ommalashmoqda, bu – janrning barhayotligi belgisi. Shuningdek, axborot almashish jarayonini tezlashgan, informatsion globallashuv sharoitida boshqa xalqlardan oʻzlashtirilib, milliy hayotimiz va mentalitetimizga moslashtirilgan L.lar – anekdotlar ham koʻplab paydo boʻlmoqdaki, bu folklorshunoslar uchun alohida mavzudir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish