← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Leytmotiv

Leytmotiv (nem. leitmotiv – yetakchi motiv) – musiqadan oʻzlashtirilgan termin boʻlib, keng maʼnoda muallif tomonidan ilgari surilayotgan asosiy gʻoyaning butun asar davomida taʼkidlab oʻtkazilishi boʻlib, shu maʼnoda gʻoyaviy leytmotiv atamasi ham ishlatiladi. Mas., A.Oripovning “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni” sheʼrida vatanga begʻaraz muhabbat, “vatanga muhabbat mohiyatan xalqqa muhabbat”, degan asosiy gʻoya L. sifatida butun sheʼr matnidan sizib oʻtadi. Kengroq qaralsa, shoirning “Oʻzbekiston”, “Qarshi qoʻshigʻi”, “Saraton” kabi oʻnlab sheʼrlarida ham xuddi shu gʻoya ustuvorki, bu oʻrinda alohida sheʼr L.i bilan bir qatorda, shoir ijodining L.i haqida ham gapirish imkoni yuzaga keladi. Shunga oʻxshash, baʼzan muayyan adabiy yoʻnalish, oqim yoki maktabga xos L. haqida ham gapirish mumkin boʻladi. Mas., jadid adiblari ijodining L.i maʼrifat va taraqqiydir. Adabiyotshunoslikda L. termini tor maʼnoda ham qoʻllanib, bunda asarda ilgari surilgan muhim gʻoya, his-tuygʻu, xarakter holati va sh.k.larni ifoda etayotgan obraz yoki nutqiy unsur (soʻz birikmasi, jumla, misra va sh.k.)ning qayta-qayta takrorlanishi nazarda tutiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish