← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Lirik chekinish

Lirik chekinish (rus. kalka: “liricheskoye otstupleniye”) – muallif nutqining koʻrinishlaridan biri, epik yoki liro-epik asarlarda uchraydigan kompozitsion unsur. L.ch. deyilishining sababi shuki, unda syujet voqealarini hikoya qilish toʻxtatib qoʻyiladi va muallif ularga munosabati oshkor tarzda ifodalashga oʻtadi, yaʼni asosiy voqeadan chekinadi. Mohiyat eʼtibori bilan L.ch. gap tarkibidagi modal soʻz va konstruksiyalarga oʻxshashdir. L.ch. muallif aytmoqchi boʻlgan fikrni yanada taʼkidlash, qabul qilish jarayonini yoʻnaltirish, emotsional munosabatni yuqtirish kabi badiiy-estetik maqsadlarga xizmat qiladi. L.ch.larning nutqiy qurilishi ham, odatda, shunga mos boʻladi: hissiy toʻyintirilganlik, oʻquvchiga bevosita murojaat qilish, turli darajadagi takrorlar va undovlarning boʻlishi, nutq boʻlagining nasriy asarda ham ayricha ritmiklikka egaligi va sh.k. Shu xususiyatlarning barini “Kecha” romanidagi bir L.ch.da koʻrish mumkin. Romanning boshlanishida Choʻlpon qizlarning safarga ruxsat olish yoʻlidagi saʼy-harakatlari, Zebi koʻnglidagi umid va umidsizlik kurashini batafsil tasvirlaydi. Safar orzusida yongan Zebi bilan Saltanat tamom umidsizlikka tushayozganlarida, Qurvonbibining ustomonligi sabab Razzoq soʻfi ruxsat berib yubordi. Qizlarning turish-turmushini bungacha bir qafas sifatida koʻrsatgan Choʻlpon ularning beadad shodliklarini tasvirlashga oʻtish uchun quyidagicha koʻprik soladi: “Qafasning darichasi ochildi! Endi qushlarga qanotlarini rostlab turib “pir!” eta uchmoqdan, keng koʻklarga, fazolarga parvoz qilmoqdan boshqa narsa qolmadi. Paranjini yopinib oʻtirmasdan, shundoq bosh ustiga tashlab, chimmatni “xoʻja koʻrsin”ga tutgan boʻlib yugurish kerak, xolos. Faqat, unda darichaning ochilganiga kim sevinadi? Shodlikni kim qiladi? Erkinlikning lazzatini kim totiydi? Shu qadar qaysar bir odamni bu qadar ustalik bilan yoʻlga solgan onaning hurmatini kim oʻrniga keltiradi? Uni kim quchoqlab, kim oʻpadi?”

Shuni ham taʼkidlash joizki, L.ch.larni qoʻllashda muayyan meyorni saqlash zarur, aks holda, asar ortiqcha sentimentallik, oshkor didaktiklik kabi xususiyatlar kasb etishi va bu oxir-oqibatda badiiy jihatdan yutqiziqqa aylanishi mumkin. Adabiyotshunoslikda lirik muqaddima, lirik xotima tushunchalari ham mavjud boʻlib, ular mohiyat eʼtibori bilan L.ch.ning oʻzi, faqat asarda joylashish oʻrni va shu bilan bogʻliq badiiy-estetik vazifalari jihatidan birmuncha farqlanadi. Jumladan, lirik kirish oʻquvchida tasvirlanajak voqeni qabul qilishga mos emotsional holatni yuzaga keltirish, lirik xotima esa asar voqealariga emotsional munosabatni yaxlit ifodalash va shu orqali oʻquvchi taassurotini mustahkamlash kabi maqsadlarni ham koʻzlaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish