← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Lirik qahramon

Lirik qahramon (rus. kalka: “liricheskiy geroy”) – lirikadagi subyekt koʻrinishlaridan biri, muallifning qalb kechinmalarini, oʻy-tuygʻularini ifodalash shakli (q. lirik subyekt). Terminning oʻziyoq, yaʼni “qahramon” deyilishi L.q. shoirning real “men”i emas, balki uning asosida yaratilgan “men” ekanligini anglatadi. Termin fanga ilk bor Yu.Tinyanov tomonidan rus shoiri A.Blok ijodiga tatbiqan kiritilgan boʻlib, bunda shoirning lirik ijodi (yoki sheʼriy turkumi) bagʻridan oʻsib chiquvchi noplastik obraz, tasavvur qilinadigan SHAXS nazarda tutiladi. Shunga koʻra, L.q. haqida gapirish uchun u bir qadar butunlik (mavzu-muammolar doirasi, oʻy-qarashlar birligi, barqaror ruhiy-psixologik belgilar, biografik chizgilar) kasb etishi, alohida bir SHAXS (qalb)ni tasavvur ettira olishi lozim. L.q. va muallif munosabati masalasi hanuz bahsliligicha qolmoqda. Bu masalada koʻpchilik eʼtirof etgan qarash shuki, shoir va L.q. orasiga tenglik alomati qoʻyib boʻlmaydi, ayni chogʻda, L.q.ni shoirdan mutlaqo boshqa hodisa hisoblash ham toʻgʻri emas: u shoir shaxsi bilan bogʻliqlikda idrok etiladi. Shunday boʻlganda ham, L.q. shoirning aynan oʻzi emas: u “men”dan yaratilgan boshqa bir “men”dirki, koʻp hollarda L.q. va shoir munosabati prototip va xarakter munosabatiga qiyosan tushuntiriladi. Yaʼni L.q. bilan shoirni bir-biridan butkul ajratish ham, tamom qoʻshib yuborish ham mumkin emas, ular “ajralmas qoʻshilmaslik”dir. Zero, L.q. epos yoki dramadagi xarakter singari obyektga aylanmaydi, u voqelikka nisbatan ham, oʻziga nisbatan ham subyektligicha qoladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish