← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Lirika

Lirika (yun. lyra – musiqa asbobi, qadimda sheʼrlar uning joʻrligida oʻqilgan) – badiiy adabiyotning uchta asosiy turidan biri. L.da voqelik lirik subyekt his-tuygʻulari orqali akslanadi, uning uchun badiiy nutq obyekti emas, subyekti birlamchidir. L.ning oʻziga xos xususiyatlari qadimdayoq taʼkidlab oʻtilgan. Jumladan, poeziyani taqlid deb bilgan Aflotun poeziyaning bu turi “toʻlaligicha shoirning aytganlaridan iborat”, desa, Arastu fikricha, poeziyaning bu turida “taqlid qiluvchi qiyofasini oʻzgartirmagan holda” taqlidni amalga oshiradi. Nemis faylasufi Gegel L.ning turga xos xususiyati sifatida unda obyekt va subyektning bitta shaxsda uygʻunlashishi, lirik asar uchun muallifning oʻzi, uning ichki olami mavzu boʻlib qolishini koʻrsatadi. Shunga koʻra, L.ning tasvir predmeti – his-tuygʻu, kechinma boʻlib qoladi. Yaʼni epos va dramadan farqli oʻlaroq, L. voqelikni tasvirlamaydi, uning uchun voqelik lirik subyekt ruhiy kechinmalarining asosi, ularga turtki beradigan omil sifatidagina ahamiyatlidir. Shu bois ham lirik asarda voqelik lirik qahramon qalb prizmasi orqali ifodalanadi, yana ham aniqrogʻi, L.da voqelikning kechinmani tasvirlash uchun yetarli miqdordagi “parchalari”, detallargina olinadi. Hatto lirik asarda subyekt yaqqol koʻzga koʻrinmay, unda biron-bir obyektiv narsa tavsiflangan yoki tasvirlangan hollar (manzara sheʼrlar, voqeaband sheʼrlar)da ham u asosiy emas, asosiysi – shu tavsif yoki tasvir zamiridagi lirik subyekt, uning kechinmalari. L.da subyektning voqelik taʼsirida yuzaga kelgan oniy kechinmalari manguga muhrlab qoʻyiladi. Bu kechinmalar alohida shaxsga tegishli boʻlgani holda, umumbashariy mazmun va qimmatga ega boʻlaveradi, sheʼrxon undan oʻz dardini, oʻz kechinmalarini topadi, zero, oʻzgaruvchan dunyoda tugʻiluvchi insonga xos tuygʻu-kechinmalarning nisbiy barqaror asosi, javhari mavjuddir.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, L.ning adabiy tur sifatidagi ayrim oʻziga xos xususiyatlarini sanab oʻtish mumkin. Avvalo, oniy kechinmani tasvirlovchi lirik asarlar, odatda, hajman kichik boʻladi. His-tuygʻu va kechinmani ifodalovchi L.da shunga har jihatdan mos – emotsional toʻyintirilgan va ritmik jihatdan tartibga solingani bois ifodalanayotgan his-tuygʻuga muvofiq ohangda jarang topadigan sheʼriy nutq shakli ustuvorlik qiladi. Shu bilan birga, nasriy yoʻlda yozilgan lirik asarlar ham, kam boʻlsa-da, bor. Alohida subyekt kechinmalarini ifodalagani uchun L.da monologik nutq shakli ustuvor, unda uchraydigan dialogik nutq koʻrinishlari esa monologik nutqning tarkibiy elementiga aylanadi. Oniy kechinmani tasvirlovchi L.ning badiiy vaqti hamisha – “hozir”: u ayni hozir koʻngilda kechayotgan his-tuygʻularni tasvirlaydi, sheʼr qachon yozilganidan qatʼi nazar, sheʼrxon uni hozir koʻngilda kechayotgan tuygʻu kabi qabul qiladi.

Lirik asarlarni janr jihatidan tasniflashda maʼlum murakkabliklar mavjud boʻlib, adabiyot taraqqiyotining turli bosqichlarida janrlarga ajratish asosi turlicha boʻlgan. Jumladan, xalq ogʻzaki ijodidagi lirik asarlar koʻproq funksiyasi, yaʼni ijro etilish vaqti, joyi munosabatiga (mavsum, marosim, mehnat qoʻshiqlari) koʻra; antik sheʼriyatda ijro etilish tarzi (xor qoʻshiqlari, solo)ga koʻra; keyingi davrlarda asosiy estetik belgisi (oda, difiramb, elegiya), qatʼiy shakl koʻrsatkichlari (sonet, oktava), tematik xususiyatlari (intim, grajdanlik, falsafiy, siyosiy, intellektual) va h. jihatlardan janrlarga ajratilgan. Murakkablik shundaki, tarixiy kategoriya sifatida oʻz faollik davrini oʻtib boʻlgan janrlar ham sheʼriyatda anʼanaviy tarzda qoʻllanaveradi. Mas., hozirgi oʻzbek sheʼriyatida xalq ogʻzaki ijodidagi janrlar (lapar, yor-yor) ham, mumtoz sheʼriyat janrlari (gʻazal, muxammas) ham, xorijiy adabiyotlardan oʻzlashgan janrlar (sonet, xokku, tanka) ham, hozirda faollashgan janr koʻrinishlari ham mavjud. Shu sababli lirik janrlar masalasiga sinxroniya/diaxroniya aspektlarida yondashish talab qilinadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish