← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Litota

Litota (yun. litotes – soddalik) – 1) narsa-hodisaga xos xususiyatni uning aksini inkor qilish orqali ifodalashga asoslangan uslubiy figura, mohiyatan kinoyaga yaqin turadi. L. kundalik muloqotda ham ancha faol qoʻllanadi. Mas.: “bu kishim ham ahmoq emas” – aqli-hushi joyida; “uyam shahar koʻrmaganmas” – sodda emas, ishiga pishiq va h.; 2) tasvirlanayotgan narsa-hodisa, unga xos belgilarni oʻta kichraytirishga asoslanuvchi badiiy usul, stilistik figura; giperbolaning ziddi, mumtoz adabiyotshunosligimizda tafrit (q. tafrit) deb yuritiladi. Jahon xalqlari ogʻzaki ijodida L. usulida qator obrazlar yaratilgan: Noʻxatpolvon, Yortiquloq, Barmoqcha bola (“malchik-spalchik”), Dyuymovochka va b. Stilistik figura sifatida qoʻllangan L. narsa-hodisani oʻta kichraytirish orqali qiyosan tasvirlanayotgan narsa-hodisaning mahobatiyu ulugʻvorligini, muayyan bir sifatda beqiyosligini taʼkidlab koʻrsatadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish