← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Lugʻz

Lugʻz (ar. لغز– topishmoq, sir, maxfiy) – sheʼriy topishmoq, narsa-tushunchaning nomini aytmagan holda, oʻxshashlik yoki aloqadorlik asosidagi belgilarini tavsiflashga asoslangan janr. Yaʼni L.da shoir narsa-tushunchaga ishora qiladi, tinglovchi (oʻquvchi) esa zikr etilgan belgilarga tayanib yashirilgan nomni topishi lozim boʻladi. Shu jihati bilan L. oʻquvchida teran fikrlash, kuzatuvchanlik, hozirjavoblik kabi koʻnikmalarni shakllantiradi. L. xalq ogʻzaki ijodida qadimdan mavjud boʻlgan, keyinchalik yozma adabiyotga ham kirib keldi. L. janri fors-tojik adabiyotida X – XII asrlardan, oʻzbek adabiyotida esa XV asrdan boshlab keng ommalashgan. Xususan, oʻzbek adabiyotida L. janrining ilk namunalari Navoiy ijodida uchraydi, Uvaysiyning ushbu janrdagi asarlari (mas., “Anor”) mashhur boʻlgan. Shuningdek, L.ning yaxshi namunalari Shavqiy, Dilafgor, Muazzam, Munis, Ogahiy, Faqiriy kabi shoirlar ijodida ham uchraydi. Ilmi badiʼga oid ayrim manbalarda L. mustaqil janr sifatida taʼriflansa, boshqalarida (mas.: A.Husayniy. “Badoyiʼ us-sanoyiʼ”)da u sheʼriy sanʼatlardan biri sifatida koʻrsatiladi. L.ning yana bir nomi chiston, bu janrning fors adabiyotidagi nomlanishi boʻlib, oʻzbek adabiyotshunosligida ikkala termin ham ishlatiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish