← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Madaniy-tarixiy maktab

Madaniy-tarixiy maktab – Yevropa adabiyotshunosligida XIX asr oʻrtalarida shakllangan ilmiy yoʻnalish, maktab. M.-t.m. nemis maʼrifatchilari (I.Gerder), fransuz romantizmi tarixshunoslari (F.Gizo, O.Tyeri) va qisman adabiyotshunoslikdagi biografik metodni (Sh.Sent-Byov) ijodiy rivojlantirish natijasi oʻlaroq vujudga kelgan boʻlib, nazariy asoslarini belgilashda O.Kontning pozitivistik falsafasi muhim ahamiyat kasb etgan. M.-t.m. oʻz faoliyatida tarixiylik tamoyiliga tayanadi, uni asosiy tadqiq metodi sifatida qabul qiladi. Bu esa adabiyotshunoslikdagi muhim oʻzgarish edi. Agar M.-t.m.ga qadar adabiyot normativ poetikalar asosida tadqiq etilib, ularning meyorlariga mos keladiganlari “toʻgʻri” yoki “yetuk”, mos kelmaydiganlari esa “notoʻgʻri” yoki “yovvoyi” adabiyot sifatida baholangan boʻlsa, tarixiylik prinsipi adabiyot tarixiga, milliy adabiyotlarga oʻzgacha yondashish imkonini berdi. M.-t.m. adabiyotni millat hayotining muayyan tarixiy bosqichidagi xalq ruhining ifodasi deb bildi va shundan kelib chiqqan holda, barcha adabiyotlar (milliy mansubligi, qaysi davrda yoki uslubda yaratilganidan qatʼi nazar) teng huquqli, teng qimmatga ega, degan qarashni oldinga surdi. M.-t.m. asoschilaridan biri I.Ten adabiy asarni yuzaga keltiruvchi omillar sifatida millatga xos tugʻma sajiya (“irq”), oʻsha millat yashayotgan tabiiy, iqlimiy va ijtimoiy shart-sharoitlar (“muhit”) hamda ayni vaqtdagi madaniy saviya va anʼanalar (“davr”)ni taʼkidlab koʻrsatadi. Tenga koʻra, xuddi shu omillar adabiy hodisa genezisini empirik oʻrganish imkonini beradi va shu asosda chiqarilgan xulosalargina chinakam ilmiy boʻladi. Albatta, olimning bu qarashlari asosli, bular adabiyotni ilmiy oʻrganish yoʻlida oldinga tashlangan dadil qadam ekanligini ham eʼtirof etish lozim. Biroq bularni mutlaqlashtirish oqibatida biryoqlamalik kelib chiqadi: M.-t.m. vakillariga empirik bilishni ustuvor hisoblash, gumanitar bilim sohalariga tabiiy fanlarda qoʻllanuvchi metodlarni tatbiq etishga intilish, ulardan ham xuddi tabiiy fanlardagi kabi konkret faktlarga asoslangan ilmiy xulosalar chiqarishni talab qilish ham xos edi. Tabiiyki, bu gumanitar sohalarning oʻziga xosligini inkor etish boʻlib, shu davrda tabiiy fanlar erishgan yutuqlarga mahliyolik va pozitivistik falsafaning salbiy taʼsiridan boshqa narsa emas edi. Jumladan, adabiy asar bilan biologik organizm orasida analogiyalar oʻtkazilishi, adabiyot tarixini evolyutsiyalar nazariyasi asosida oʻrganishga urinish buning yorqin misolidir. Natijada esa M.-t.m.ning ayrim vakillari uchun adabiyot oʻz holicha, sanʼat hodisasi sifatida emas, balki oʻz davri hayotini aks ettirgani bilan ahamiyatli; adabiyot tarixi esa ijtimoiy tafakkur taraqqiyoti tarixidan boshqa narsa boʻlmay qoldi. Bu esa adabiyotning ijtimoiy hayotdagi ahamiyatini pasaytirish, uning voqelik bilan aloqasi ikkiyoqlama ekanligini, ijtimoiy hayotga taʼsirini inkor qilishga olib keladi. Albatta, M.-t.m.ning bunday qarashlari oʻz davridayoq asosli tanqidga uchradi (q. ruhiy-tarixiy maktab). Mazkur biryoqlamalik oqibatidagi yoʻqotishlarga qaramay, M.-t.m. adabiyotshunoslik rivojida muhim iz qoldirdi: u qator mamlakatlarda adabiyot tarixini ilmiy oʻrganishni boshlab berdi, tarixiy-genetik tadqiqot metodologiyasiga asos soldi; tarixiy-qiyosiy adabiyotshunoslik, psixologik maktab va sotsiologik metodning paydo boʻlishi uchun zamin hozirladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish