Madid (ar. مديد – choʻziq) – aruz bahrlaridan biri, foilotun (– v– –) va foilun (–v –) asllarining ketma-ket takroridan hosil boʻladi, foilotunidagi sabablar – fo va tun orasidagi masofa choʻziq boʻlgani uchun shunday nomlanadi. M. bahri arab sheʼriyatiga xos boʻlib, oʻzbek sheʼriyatida qoʻllanmaydi. Navoiyning “Mezon ul-avzon”, Boburning “Muxtasar” asarlarida M. bahrining ayrim vaznlari keltirilib, ularga misol qilish uchun mualliflar maxsus baytlar bitganlar. Xususan, “Muxtasar”da madidi musammani solim (– v – – / – v – / – v – – / – v –) vazniga:
Necha tortay hajridin sensizin ozormen,
Kelki hijroningda men umrdin bezormen, –
bayti misol sifatida keltirilgan.
Мадид (ар. مديد – чўзиқ) – аруз баҳрларидан бири, фоилотун (– v– –) ва фоилун (–v –) аслларининг кетма-кет такроридан ҳосил бўлади, фоилотунидаги сабаблар – фо ва тун орасидаги масофа чўзиқ бўлгани учун шундай номланади. М. баҳри араб шеъриятига хос бўлиб, ўзбек шеъриятида қўлланмайди. Навоийнинг “Мезон ул-авзон”, Бобурнинг “Мухтасар” асарларида М. баҳрининг айрим вазнлари келтирилиб, уларга мисол қилиш учун муаллифлар махсус байтлар битганлар. Хусусан, “Мухтасар”да мадиди мусаммани солим (– v – – / – v – / – v – – / – v –) вазнига:
Неча тортай ҳажридин сенсизин озормен,
Келки ҳижронингда мен умрдин безормен, –
байти мисол сифатида келтирилган.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.