← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Maqtaʼ

Maqtaʼ (ar. مقطع – tugash joyi, kesmoq) – gʻazal yoki qasidaning oxirgi, yakunlovchi bayti. M.da sheʼr davomida bildirilgan fikrlar, izhor etilgan his-tuygʻular xulosalanadi, shoirning ularga munosabati ifoda etiladi. Mumtoz adabiyotshunoslikda sheʼrni chiroyli, taʼsirli va mazmundor qilib yakunlash gʻoyatda muhim sanalgan, husni maqtaʼga (q.) alohida eʼtibor berilgan. Darhaqiqat, oxirgi bayt sheʼr mazmun-mohiyatini oʻzida mujassam ifoda etib, uning badiiy saviyasini belgilovchi muhim omil boʻla oladi. Anʼanaga koʻra, aksariyat M.larda shoir taxallusi keltiriladiki, u sheʼr muallifini koʻrsatib turuvchi oʻziga xos imzo, tamgʻa vazifasini oʻtaydi. Mas.:

Olimi nuktadon manam, piri hidoyaxon manam,

Shuhrati sheʼr bobida Mashrabi moʻʼtabar oʻzum.

Biroq M.da taxallus keltirish qatʼiy qoida maqomiga ega emas, sheʼriyatimizda taxallus keltirilmagan M.lar ham talaygina. Xususan, taxallus keltirilmagan M.lar Bobur ijodida koʻplab uchraydi. Mas., Boburning gʻazallaridan biri quyidagi M. bilan yakunlangan:

Bu mahvashlargʻa koʻngul bermagʻilkim, asray olmaslar,

Koʻngulni asragʻil, boʻlgʻayki, bir dildor topqaysen.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish