← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Masal

Masal (ar. مثل – oʻxshamoq) – soʻz sanʼatidagi eng koʻhna va qadimdan keng ommalashgan janr, nasriy yoki sheʼriy yoʻlda yoziladigan moʻʼjaz hikoya; tarbiyaviy maqsadning ustuvorligi va oshkor didaktiklik xususiyatiga egaligi sababli M.ga didaktik adabiyot janri sifatida qaraladi. M.ning qurilishi uning didaktik xarakteriga mos: avval moʻʼjaz hikoyacha beriladi, soʻng “qissadan hissa” shaklidagi xulosa bilan uning majoziy maʼnosi taʼkidlab koʻrsatiladi. M.ning hikoya qismi ertak va latifalarga, “qissadan hissa”si esa maqollarga yaqinlashadi. M.larda obrazlar tizimi ham didaktik maqsadga mos, hayotiy holat allegorik obrazlar (jonivorlar, daraxt va oʻsimliklar, narsa-hodisalar) orqali tasvirlanadi, shuning uchun ham ular universallik kasb etadi. Universallik shu maʼnodaki, M.da tasvirlangan konkret holat hayotda uchrovchi turfa holatlar uchun yechim boʻla oladi. Adabiyotshunoslikda aksar maqollar M. asosida paydo boʻlgan, degan qarash ham bor. Yaʼni muayyan M. shu darajada ommallashadiki, natijada xulosa qismining oʻzi (albatta, kishilar tasavvurida hikoyachani uygʻotgan holda) hayotiy holatga yechim boʻlib xizmat qiladi. Shu jihatdan qaralsa, M.ning qadimdan ommalashgani uning insonlar uchun amaliy ahamiyat kasb etgani, ularning oʻzaro muloqotida fikr ifodalash uchun tayyor va samarali vosita boʻlgani bilan izohlanadi. Zero, M.larda qadim ajdodlarning hayotiy tajribalari, turli maishiy, axloqiy, siyosiy va h. holatlarga oid hukm-xulosalari umumlashma ifodasini topgan. Antik ritor (notiq)lar va faylasuflarning M.larga koʻp murojaat etganlari ham buning yorqin dalilidir. Shuning uchun barcha xalqlar ogʻzaki ijodida ham, qadimgi yozma manbalarda ham M. va mohiyatan unga yaqin janrlar keng tarqalgan. Jumladan, “masalning otasi” sanaluvchi Ezop taxminan miloddan avvalgi VI asrda yashagan yarim afsonaviy shaxs boʻlib, unga nisbat beriluvchi M.larning aksariyati unga qadar yaratilgan, deb hisoblanadi. Qadimgi hindlarning “Panchatantra” (“Kalila va Dimna”) kabi asarlarning mavjudligi ham yuqoridagi fikrning dalilidir. Yozma adabiyotda ham M. janrida koʻplab goʻzal asarlar yaratilgan. Jumladan, fransuz adibi J.Lafonten, nemis adibi Lessing, rus masalchisi I.Krilovlarning M.lari dunyoga mashhur.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish