← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Masnaviy

Masnaviy (ar. مثنوي– ikkilik) – ikkita oʻzaro qofiyalangan misralardan tarkib topuvchi band turi, shunday bandlardan tarkib topuvchi sheʼriy asar; sheʼr shakli. Misralarining oʻzaro qofiyalanishi (aa, bb, cc, dd kabi) M.ni voqealar bayoni uchun juda qulay shaklga aylantiradi. Shuning uchun ham Sharq adabiyotida voqeaband sheʼrlar va dostonlar, asosan, M. shaklida yaratilgan boʻlib, ular birdek M. deb yuritilavergan. Xususan, Bobur Navoiy haqida: “Olti masnaviy kitob nazm qilibtur, besh “Xamsa” javobida, yana bir “Mantiq ut-tayr” vaznida “Lison ut-tayr” otliq”; Muhammad Solih haqida esa: “Shayboniyxon otigʻa bir turkiy masnaviy bitibdur”, – deydiki, har ikki holda ham M. termini doston maʼnosida qoʻllanayotir. Darhaqiqat, oʻzbek adabiyotidagi ilk doston “Qutadgʻu bilig”, undan keyin dunyoga kelgan “Hibat ul-haqoyiq”, “Muhabbatnoma”, “Gul va Navroʻz”, “Suhayl va Guldursun” kabi deyarli barcha dostonlar ham M. shaklida yaratilgan. Shuningdek, adabiyotimizda turli (diniy, falsafiy, maishiy va b.) mavzulardan bahs yurituvchi yoki voqeaband xarakterdagi oʻrta hajmli koʻplab sheʼrlar ham M. shaklida yozilgan. Mas.: Yassaviyning ayrim hikmatlari, Feruzning diniy-tasavvufiy ruhdagi katta hajmli sheʼrlari, Muqimiyning “Tanobchilar”i, Furqatning “Ilm xosiyati”, “Akt majlisi xususida”, “Nagʻma bazmi xususida”, “Vistavka xususida”, “Suvorov”, “Sabogʻa xitob”, Komilning “Hasbi hol”, Siddiqiy Ajziyning “Anjumani arvoh” (“Ruhlar yigʻini”) asarlari shular jumlasidandir. Yangi davr oʻzbek sheʼriyatida ham M. shaklida sheʼr bitish anʼanasi davom ettirildi (mas.: Mirtemir. “Boʻlmasa”; H.Olimjon. “Oʻzbekiston”; A.Oripov. “Maymuniyat”, “Koʻngil”; E.Vohidov. “Ogʻriqli savollar”, “Oʻzbekiston bogʻlariga qaytib keldi bulbullar”; O.Matjon. “Qush yoʻli” dostoni va b.).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish