← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Matlaʼ

Matlaʼ (ar. مطلع – boshlanish, quyosh chiqishi) – gʻazal yoki qasidaning misralari oʻzaro qofiyalangan (a-a) birinchi bayti, mabdaʼ deb ham yuritiladi. Mumtoz shoirlarimiz M.ning shakl va mazmun jihatidan mukammal, husni matlaʼ (q.) sanʼati talablariga muvofiq boʻlishiga jiddiy eʼtibor qaratganlar. M.da shoirning gʻazal yoki qasidada aytmoqchi boʻlgan fikri oʻrtaga tashlanadi, bu fikr keyingi baytlarda rivojlantirib boriladi, dalillanadi, asoslanadi va maqtaʼda xulosalanadi. Mas., Huvaydoning bir gʻazali ushbu M. bilan boshlanadi:

Ey dilo, har kimga tegsa dardi ishq,

Boʻlgʻusi ikki jahonda fardi ishq, –

va sheʼr davomida rivojlantirilgan mazkur fikr maqtaʼda quyidagicha xulosalanadi:

Dardi yoʻq tanni, Huvaydo, tan dema,

Boʻlmasa ul tan ichida dardi ishq.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish