← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Matnshunoslik

Matnshunoslik – filologiya fanining tarmogʻi, adabiyotshunoslikning yordamchi sohasi. M. sohasidagi ilmiy izlanishlarning natijasi adabiyot tarixi va nazariyasi uchun manbaviy (matniy) asos boʻlib xizmat qiladi, shu sababli unga adabiyotshunoslikning yordamchi sohalaridan biri sifatida qarab kelinadi. Shunga qaramay, M.ni filologiyaning alohida tarmogʻi, mustaqil bir sohasi sifatida tushunishga asos beruvchi jihatlar ham bor. Birinchidan, M. faoliyati adabiyotshunoslik, tilshunoslik va tarix fanlari kesishgan nuqtada kechadi; ikkinchidan, M.ning oʻzi qator yordamchi sohalar (paleografiya, uslubshunoslik, arxeografiya va h.)ga ega. M.ning vazifasi – adabiy matnlarni oʻrganish va nashrga tayyorlashdir. M.ning vazifasi qisqa ifodalangan boʻlsa-da, uning amalga oshirilishi juda katta mehnatni, chuqur bilim va tajribani talab qiladi. Adabiy matnni oʻrganayotgan matnshunos oldida turli-tuman ilmiy muammolar koʻndalang boʻladi. Deylik, matnshunos muallifi nomaʼlum asar (matn)ga duch keldi. Bu holda u asar muallifini, matnning yoshi (yozilgan, koʻchirilgan vaqti)ni aniqlashi zarur. Buning uchun esa u adabiyot tarixi, til tarixi, manbashunoslik, uslubshunoslik kabi sohalardan yaxshi xabardor boʻlishi va ularga tayangan holda matnni tadqiq etishi lozim boʻladi. Yoki M.ning boshqa bir vazifasi – asarning ilmiy-tanqidiy nashrini tayyorlash ham juda mashaqqatli ish. Mas., Alisher Navoiy asarlarining turli davrlarda, turli kotiblar tomonidan koʻchirilgan qoʻlyozmalari mavjud. Matnshunos qarshisida ularni qiyosiy oʻrganish, birining kamchiliklarini boshqalari bilan toʻldirish va shu asosda eng mukammal – ilmiy-tanqidiy matnni tayyorlash vazifasi turadi. Tayyor boʻlgan ilmiy-tanqidiy matnni nashr ettirish uchun matnshunos uni izohlar, sharhlar, lugʻatlar bilan taʼminlashi kerak. “Mukammal asarlar” ortidagi har bir izoh, har bir sharh yoki lugʻat birligi juda katta mehnat orqasida dunyoga keladi. Zero, matnda uchragan soʻz maʼnosini topish, undagi biror shaxs, joy nomi va sh.k.larga izoh berish uchun matnshunos juda koʻp izlanishi, koʻplab manbalarni koʻrib, oʻrganib chiqishi zarur boʻladi. Shu bilan birga, M. adabiyotshunoslikning ayrim muammolarini hal qilishda muhim yordamchi soha, tadqiqot usuli boʻlib ham xizmat qiladi. Mas., uning tadqiq usullari, tajribalaridan yozuvchi ijodiy laboratoriyasini, muayyan asarning ijodiy tarixini oʻrganish yoʻlidagi izlanishlarda keng foydalaniladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish