← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mavzu

Mavzu (ar. موضوع – qoʻyilgan, tartibga solingan) – badiiy mazmun komponenti, asarda qoʻyilgan ijtimoiy, falsafiy, maʼnaviy-axloqiy va h. muammolarni badiiy idrok etish uchun tanlab olingan va tasvirlangan hayot materiali; tema. Adabiyotshunoslikda M. (tema) termini ikki maʼnoda ishlatiladi: 1) asarda tasvirlanayotgan hayot materiali; 2) asarda badiiy idrok etish uchun qoʻyilgan ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy, falsafiy va boshqa problemalar majmui. Tabiiyki, ikkita tushunchaning bitta termin bilan yuritilishi muayyan chalkashliklarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ularning mavzu va problema tarzida ikki xil nomlangani maʼqul. Agar badiiy ijod tabiatidan kelib chiqib, badiiy mazmun komponentlari ijod jarayoni va uning badiiy asarda namoyon boʻlishi nuqtai nazaridan farqlansa, shunisi toʻgʻriroq ekani koʻrinadi. Badiiy asar ijodkorning borliq bilan munosabati mahsuli oʻlaroq voqe boʻladi. Yaʼni borliqda yashayotgan individ sifatida ijodkorni muayyan muammolar oʻylatadi, tashvishga soladi. Ijodkor uchun oʻsha muammoni idrok etish ichki ehtiyojga aylangani sababli ham asarga qoʻl uradi. Shu maʼnoda badiiy asar – “ehtiyoj farzandi” (A.Oripov) sanaladi. Ijodkor oʻzini qiynagan muammolarni badiiy idrok etish uchun keng va qulay imkon beruvchi hayot materialini tanlaydi va tasvirlaydiki, bu badiiy asar M.si (temasi)dir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish