← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mubolagʻa

Mubolagʻa (ar. مبالغه – oshirish, orttirish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, narsa-hodisalar, insonlar va boshqa mavjudotlarga xos xususiyatlarni tabiiy holiga nisbatan boʻrttirib, kattalashtirib yoki kichraytirib tasvirlash. M. xalq ogʻzaki ijodida ham, yozma adabiyotda ham juda keng qoʻllangan sanʼatlardan sanaladi. Ilmi badiʼga oid manbalarda M.ga berilgan taʼriflarda tafovutlar deyarli boʻlmasa-da, uning turlarga boʻlinishida ayrim farqlar seziladi. Shunga qaramay, ularni umumlashtirib, M.ning quyidagi koʻrinishlarini farqlash mumkin:

1. Tasvir obyektini oʻta kichraytirishi yoki oʻta kattalashtirishi jihatidan M.ning tafrit va ifrot deb yuritiluvchi turlari ajratiladi. Tafrit tasvir obyektini oʻta kichraytirish, kuchsizlantirish demakdir. Mas., Atoyining:

Yururda yeng bila ogʻzingni tutma,

Nimakim, yoʻqturur yoshirmogʻing ne? –

baytida yengi bilan ogʻzini berkitgan yorga “Oʻzi asli yoʻq boʻlgan narsani berkitib nima qilasan?” deya murojaat qilinadiki, bundan yorning ogʻzi yoʻq darajada kichik, degan maʼno kelib chiqadi. Ogʻizning kichik boʻlishi goʻzallik belgilaridan biri sanalgani eʼtiborga olinsa, shoir yor goʻzalligi taʼrifida mubolagʻa qilayotgani ayon boʻladi.

Tafritga zid oʻlaroq, ifrot tasvir obyektini oʻta kattalashtirish, kuchaytirishni koʻzda tutadi. Mas., Navoiyning quyidagi bayti ifrotning yaxshi namunasi boʻla oladi:

Ne tushki, hajr balosin koʻrarda seskansam,

Oʻkildamoq birla qoʻshnini uygʻotur yuragim.

Yaʼni tushida yoridan ayrilib, hijron balosini his qilgan oshiq seskanib uygʻonsa, yuragi shu qadar qattiq urar ekanki, uning “duk-duk”idan qoʻshnilar uygʻonib ketarkan.

2. M.ning darajasi, yaʼni M.li tasvir (holat, xususiyat va sh.k.)ga aqlning ishonish yo ishonmasligi, tasavvurga sigʻdirish mumkin yo mumkin emasligi, uning voqelikda mavjud boʻlish imkoni bor yo yoʻqligidan kelib chiqib, M.ning tabligʻ, igʻroq, gʻuluvv deb yuritiluvchi turlari farqlanadi. Albatta, muayyan bir M.ni mazkur turlardan biriga taalluqli etishda maʼlum darajada shartlilik boʻlishi tabiiy, chunki hammaning tasavvur imkoniyatlari, hayotiy tajribasi bir xil emas. Demak, M.ni mazkur turlardan biriga kiritganda, buni nazarda tutish maqsadga muvofiq boʻladi.

Kishining aqlan ishonishi va hayotda uchrash ehtimoli boʻlgan M.li tasvir (holat, xususiyat va sh.k.) tabligʻ deb yuritiladi. Mas., Lutfiyning mashhur:

Ayoqingga tushar har lahza gesu,

Masaldurkim: “charogʻ tubi qarongʻu”, –

matlaʼsida yor sochlarining uzunligi haqida bir qadar M. qilinayotgani shubhasiz, biroq bunga aqlan ishonish u qadar qiyin emas, zero hayotda sochi uzun qizlar koʻp. Yaʼni bu oʻrinda tabligʻ mavjud belgi-xususiyatni birmuncha orttirib, boʻrttirib tasvirlashda namoyon boʻlmoqda.

Aqlan ishonish, tasavvur qilish mumkin-u, haqiqatda mavjud boʻlmaydigan M.li tasvir igʻroq deb ataladi. Mas., Navoiyning:

Firoq isitmasi andoq tanimdan oʻt chiqarur,

Ki, gar tabib iligim tutsa bormogʻi qabarur, –

baytidagi holatni tasavvur qilish mumkin, lekin haqiqatda isitmaning bu darajada, yaʼni bemor qoʻlini tutgan tabibning barmogʻini kuydirib-qabartiradigan darajada boʻlishi mumkin emas.

Nihoyat, aqlan ishonish va tasavvur qilish ham mushkul, hayotda mavjud boʻlishi ham istisno qilinadigan M.li tasvir gʻuluvv deb yuritiladi. Mas., Atoyining:

Qilni ikki yormishu qilmish azalda bir qalam,

Belingiz tasvirini qilganda naqqoshing, begim, –

baytida aytilishicha, yorning beli shu qadar ingichkaki, uning tasvirini chizish uchun qildan qalam qilinsa, belning surati yoʻgʻon boʻlib qoladi, shu bois naqqosh qilni ikkiga yorib, soʻng qalam qilishi lozim, goʻyo shundagina yor belining tasviri asliga monand boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish