← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mujtass

Mujtass (ar. مجتث – ildizi bilan yulingan) – aruz bahrlaridan biri, hafifdan yulib olinganga oʻxshaganligi uchun shunday nomlanadi. Mustafʼilun (– – v – ) va foilotun (– v – –) asllarining ketma-ket takroridan hosil boʻladi. Oʻzbek sheʼriyatida faol qoʻllanadigan bahrlardan biri. Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida M. bahrining toʻqqiz vazni, Boburning “Muxtasar”ida esa yigirma vazni misollar bilan koʻrsatib berilgan. Sheʼriyatimizda mazkur bahrning, asosan, beshta vaznidan foydalanilgan. Atoyi, Sakkokiy, Gadoiy, Lutfiy, Munis, Ogahiy, Nodira kabi mumtoz shoirlar ijodida M. bahrining bir necha vaznida yozilgan sheʼrlar uchraydi. Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotida esa 348 ta sheʼr (11 foiz) M. bahrida yaratilgan. M. ning oʻziga xos jihatlaridan biri uning koʻp vaznli ekanligidir, yaʼni bir sheʼrda uning bir necha vaznlari aralash qoʻllanishi mumkin. Bu esa sheʼrga oʻziga xos oʻynoqi ohang baxsh etadi. Navoiyning quyidagi bayti mujtassi musammani maxbuni maqsur (v – v – / – v – – / v – v – / – v ~) vaznida yozilgan:

Koʻngul haroratin anglatti ohi dardolud,

Uy ichra oʻt ekanin elga zohir aylar dud.

Nodiraning mashhur:

Nigori gulbadanimni tushimda koʻrsam edim,

Labi shirin shikanimni tuishimda koʻrsam edim, –

matlaʼli gʻazali esa mujtassi musammani maxbuni mahzuf ( v – v – / v v – – / v – v – / v v –) vaznidadir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish