← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mulammaʼ

Mulammaʼ (ar. ملمع – yarqiroq, rang-barang) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, bir baytni ikki yoki undan ortiq tilda yozish. Mumtoz shoirlar, asosan, arab va fors, arab va turkiy (oʻzbek), fors va turkiy (oʻzbek), arab va ozarbayjon, keyinchalik oʻzbek va rus, tojik va rus tillarida M. bitganlar. M.ning ikki tildan foydalanilgan turi shiru-shakar, uch tildan foydalanilgan turi shahdu-shiru-shakar deb ataladi. Mas., Mashrabning:

Mendin salome ba suyi jonon,

Ey bod, yetkur arzi gʻaribon,

yoki:

Az dardmi tu namonda sabram,

Emdi ketarman taxti Sulaymon, –

baytlari oʻzbek va fors tillarida yozilgan boʻlib, ular shiru-shakar usuliga misol boʻla oladi. Fuzuliyning:

Qad anoral-ishqa lil ushshoqi minhojal xudo

Soliki rohi haqiqat ishqa aylar iqtido, –

bayti esa shahdu-shiru-shakarga misol boʻlib, u arab, fors va turkiy tillarda yozilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish