← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Munsarih

Munsarih (ar. منسرح – erkin) – aruz bahrlaridan biri, aruz va zarbida erkinlik boʻlgani uchun shunday atalgan. Mustafʼilun (– – v – ) va mafʼulotu ( – – – v ) asllarining ketma-ket takroridan hosil boʻladi. Oʻzbek sheʼriyatida ancha faol qoʻllanadi. Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida M. bahrining oʻn bir vazni, Boburning “Muxtasar”ida esa oʻttiz toʻrt vazni misollar bilan koʻrsatib berilgan. Sheʼriyatimizda M. bahrining, asosan, uchta vaznidan foydalaniladi. Navoiyga qadar M. bahridan foydalanilmagan. Uning “Xazoyin ul-maoniy” devoniga kiritilgan 12 ta sheʼri oʻzbek sheʼriyatidagi M. bahrida yaratilgan dastlabki asarlar sanaladi. Jumladan, Navoiyning:

Ey orazing koʻnglum komi, laʼli labing jon oromi,

Vasling kunin yetkurgilki, jonim olur hajring shomi, –

bayti munsarihi musammani solim (– – v – / – – – v / – – v – / – – – v) vaznida yozilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish