← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Muqobala

Muqobala (ar. مقابله – bir narsaning qarshisida boʻlish, qarshi kelish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, baytda avval ikki yoki undan ortiq bir-biriga muvofiq keluvchi narsa-tushunchalarni anglatuvchi soʻzlarni, soʻng ularning ziddi boʻlgan narsa-tushunchalarni bildiruvchi soʻzlarni keltirish. Mas., E.Vohidovning:

Senga boʻlsin nurli kunduz, menga qolsin qora tun,

Barcha gulshan senga boʻlsin, bor tikanzorlik menga, –

baytida bir-biriga muvofiq keluvchi “nurli”, “kunduz”, “gulshan” tushunchalariga “qora”, “tun”, “tikanzor” tushunchalari zidlanmoqda, ular ham oʻzaro muvofiqdir. Garchi M. bilan tazodga berilayotgan taʼriflar bir-biriga yaqin va bu hol muayyan asosga ega boʻlsa ham, ularni farqlash zarur. M.ning tazoddan farqi shuki, birinchidan, unda bayt tarkibidagi zidlik hosil qilayotgan juftliklar soni ikki yoki undan ortiq boʻlishi, ikkinchidan, zidlantirilayotgan tushunchalarning bir guruhga mansublari oʻrtasida oʻzaro muvofiqlik, yaqinlik (nurli, kunduz, gulshan kabi) boʻlishi talab etiladi. Yaʼni M. tazodning mazkur shartlar bilan murakkablashgan bir koʻrinishi, demak, aslida har qanday M. tazoddir, lekin har qanday tazod ham M. boʻla olmaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish