← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Murabbaʼ

Murabbaʼ (ar. مربع – toʻrtlik) – 1) musammat turlaridan biri, toʻrt misrali bandlardan tarkib topuvchi sheʼr shakli; toʻrt misrali band. M. sheʼr shaklida dastlabki band misralari oʻzaro qofiyalanadi (a-a-a-a), keyingi bandlarning dastlabki uch misrasi oʻzaro, toʻrtinchi misrasi esa birinchi band bilan qofiyalanadi (b-b-b-a; v-v-v-a va h.). Shuningdek, sheʼriyatimizda M.ning sal oʻzgacharoq (a-b-a-b, v-v-v-b, g-g-g-b va h.) qofiyalanuvchi shakllari (mas., Mashrab ijodida), birinchi bandning oxirgi misrasi keyingi bandlar oxirida tarjeʼ sifatida aynan takrorlanib keluvchi shakllari (mas., Muqimiy ijodida) ham koʻp uchraydi; tarjeʼli M., koʻpincha, b-b-b-a, v-v-v-a, g-g-g-a tarzida qofiyalanadi. Gʻazaldagi kabi M. oxirgi bandida taxallus keltirish odat boʻlgan. M. shakli turkiy xalqlar ogʻzaki ijodidagi asosiy sheʼr shakli boʻlgan, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asarida keltirilgan xalq qoʻshiqlarining aksariyati M. shaklida ekani shunday deyishga asos beradi. A.Yassaviy keng ommaga moʻljallangan hikmatlari uchun M. shaklini tanlagani ham shundan, yaʼni xalqqa yaqinligidandir. Shunga qaramay, adabiyotimizda M. sheʼr shaklining faollashuvi, asosan, XVII asr oxirlaridan kuzatiladi: Mashrab, Soʻfi Olloyor, Ogahiy, Huvaydo, Haziniy, Muqimiy kabi shoirlar ijodida M.ning koʻplab goʻzal namunalari uchraydi; 2) aruzda ruknning baytda toʻrt marta takrorlanishini bildiruvchi oʻlchov, M. vazn. Mas., agar mafoiylun rukni baytda oʻzgarishsiz toʻrt marta takrorlansa, hazaji murabbai solim deb ataladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish