← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Nasriy sheʼr

Nasriy sheʼr (ruschadan kalka: “stixotvoreniye v proze”) – nasriy yoʻlda yozilgan lirik asar; oʻzbek adabiyoti va adabiyotshunosligida sochma, mansur sheʼr, mansura kabi terminlar bilan ham yuritiladi. N.sh. lirik qahramon his-tuygʻu va kechinmalarini tasvirlashi, odatda, kichik hajmga ega boʻlishi, emotsionalligi kabi jihatlardan lirik sheʼrning oʻzi, undan faqat nutqiy tashkillanishi jihati bilan farqlanadi. Agar lirik sheʼr muayyan oʻlchov asosida tartibga solingan nutq shakliga ega boʻlsa, N.sh. ritmik jihatdan oʻlchovga solinmaydi. Ikkisi ham lirikaga mansub boʻlgani holda, sheʼr atamasini qoʻllashdagi turlichalik (nasriy sheʼr birikmasida sheʼr soʻzi turga – lirikaga mansublikni, lirik sheʼr deganda esa nutq shaklini bildiradi) sababli N.sh. terminini ham ishlatish zarurati yuzaga keladi. Shu maʼnoda N.sh.ni ritmik proza, sajʼ (qofiyali proza) kabi epos yoki sarbast, oq sheʼr kabi lirika hodisalari bilan chalkashtirmaslik kerak. Oʻzbek adabiyotida Oybek, Mirtemir, R.Parfi, O.Matjon, I.Gʻafurov kabi ijodkorlar N.sh. shaklida samarali ijod qilib, uning yaxshi namunalarini yaratganlar.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish