← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Naturalizm

Naturalizm (lot. natura – tabiat) – 1) tabiiy fanlar sohasida erishilgan ulkan muvaffaqiyatlar taʼsirida XIX asrning 60-yillaridan boshlab Yevropa adabiyotlarida shakllangan adabiy yoʻnalish. Ilk bor Fransiyada maydonga kelgan N.ning falsafiy asosi – pozitivizm, O.Kont taʼlimotidir. XIX asrning 70-yillari oʻrtalariga kelib E.Zolya atrofida shu yoʻnalishga mansub ijodkorlar (G.Flober, Gi de Mopassan, G.Ibsen va b.) maktabi shakllangan. E.Zolya oʻzining “Eksperimental roman”, “Naturalist romannavislar” nomli asarlarida N.ning nazariy asoslarini ishlab chiqdi. Tabiiy fanlarning tabiat sirlarini oʻrganish borasidagi yutuqlaridan ilhomlangan naturalistlar jamiyatni, insonni shu kabi teran, yuksak darajadagi aniqlik bilan tadqiq etishni oʻz oldilariga maqsad qilib qoʻyganlar, ularga koʻra, badiiy bilish ilmiy bilishga monand boʻlmogʻi zarur. Shunga koʻra, ular asarning badiiylik darajasini ham unda bilish amali nechogʻli koʻlamli va chuqur amalga oshganidan kelib chiqqan holda belgilaganlar. Ular hayotni boricha, boʻyab- bejamasdan, biron-bir mafkura yoki axloqiy tarbiya maqsadlariga yoʻnaltirmagan holda tasvirlash kerak deb bilishadi. Yaʼni naturalistlar adabiyot hayot materialini tanlab tasvirlashi kerak emas, uni boricha tasvirlashi kerak, adabiyot uchun begona mavzu yoki syujet yoʻq, deb hisoblaydilar. Naturalistlar asosiy eʼtiborni maishiy tafsilotlarga, inson ruhiyatining fiziologik asoslariga, uning feʼl-xuyi, xatti-harakatlari, taqdiridagi tushuntirish qiyin jihatlariga qaratadilar. Ular uchun ijodiy qayta yaratish emas, naturani asliga muvofiq tasvirlash muhim. Bularning bari N. aqidalarini mutlaqlashtirgan ijodkorlarni, ularning asarlarini sanʼatdan yiroqlashtiradi. Ayni chogʻda, N. adabiyot tarixida oʻzining muayyan ijobiy izini ham qoldirdi. Jumladan, jamiyatning eng quyi qatlamlari turmushini ikir-chikirigacha tasvirlashga intilish, inson ruhiyatining eng chuqur puchmoqlarigacha kirib borishga intilish kabi jihatlar realistik adabiyot imkoniyatlarining kengayishiga xizmat qildi; 2) adabiyotshunoslikda N. termini realizmga zid qoʻyilgan holda hayot materialini saylamasdan, badiiy-falsafiy idrok etmasdan oddiygina qayd etish, badiiy umumlashtirish va gʻoyaviy-hissiy munosabatdan mosuvo, hayotdan oddiygina nusxa koʻchirishdan iborat, tom maʼnodagi ijodiylikdan yiroq, demakki, chinakam sanʼatga yot ijodiy metod maʼnosida ham tushuniladi. Baʼzan shu yoʻsin tasvir realizm maqomida turgan adiblar ijodida, realistik asarlarning alohida epizodlarida ham uchrab qoladiki, bunday hollarda N. termini baho maʼnosida, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning umumiy nomi sifatida ham ishlatiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish