← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Nazira

Nazira (ar. نظيره – oʻxshash, oʻxshash narsa, namuna) – oʻzga shoir sheʼriga ergashish yoʻli bilan, unga oʻxshatma tarzida yoki javob sifatida yaratiluvchi sheʼr. Sharq adabiyotida N. bitish ancha keng tarqalgan, zamondosh shoirlar yoki salaflar bilan oʻziga xos ijodiy musobaqa tusini olgan anʼanadir. N.da shoir oʻzga shoir sheʼridan bir bayt yoki misrani aynan olib, uni davom ettiradi yoxud oʻz sheʼriga aynan keltirilgan bayt yoki misrani singdirib yuboradi. Bunday sheʼrlar fors-tojik adabiyotida tatabbuʼ (ar. biror narsaning ketidan tushish, izidan borish) deb yuritiladi, lekin oʻzbek sheʼriyatida N. istilohi kengroq ommalashgan. Baʼzan N.ga nisbatan tazmin atamasi ham ishlatiladi. Biroq ilmi badiʼga oid ayrim manbalarda N. bilan tazmin jiddiy farqlanadi: oʻzga shoirning misra yoki baytini sheʼrda aynan keltirish – tazmin, birovning sheʼriga javob sifatida, adabiy musobaqa tarzida yozilgan sheʼr esa N. yoki tatabbuʼ atamalari bilan yuritiladi. Oʻzga shoir asariga bogʻlagan N.ning taqliddan iborat boʻlib qolmasligi, shoirning unga ijodiy yondashishi talab etiladiki, bunda mavzuning yanada yorqinroq ifodalanishi va badiiy saviyaning yuksalishi koʻzda tutiladi. N. deyarli barcha mumtoz shoirlarimiz ijodida uchraydi. Mas., “Devoni Foniy” Navoiyning Hofiz Sheroziy, Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Saʼdiy, Mavlono Kotibiy, Mavlono Shohiy, Kamol Hoʻjandiy, Husayniy, Vafoiy, Qosim Anvor kabi oʻnlab shoirlar sheʼrlariga bogʻlangan N.lardan tarkiblangan. Mumtoz adabiyotimizda gʻazal, qasida, murabbaʼ va masnaviylarga N. bogʻlash kengroq ommalashgan. Mas., Jomiyning “Lujjat ul-asror” qasidasi Xisrav Dehlaviy qasidasiga, Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni Attorning “Mantiq ut-tayr” dostoniga, noma janridagi “Taashshuqnoma” (Said Ahmad) bilan “Latofatnoma” (Xoʻjandiy) Xorazmiyning “Muhabbatnoma”siga, Haziniyning “Arzim eshit, ey zolimu sitamgar” misrasi bilan boshlanuvchi murabbaʼsi esa Muqimiyning “Arzim eshit, ayo sarvi ravonim” misrasi bilan boshlanuvchi mashhur murabbaʼsiga N.lardir. Shunga qaramay, sheʼriyatimizda gʻazallarga bogʻlangan N.lar koʻproq uchraydi (mas., Navoiyning “Koshki” radifli gʻazaliga Husayniy va Bobur, Furqatning “Koʻzlaring” radifli gʻazaliga Haziniy bogʻlagan N.lar va b.)

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish