← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Palindrom

Palindrom (yun. palindromeo – orqaga yugurmoq) – soʻz oʻyinlaridan biri; soʻzni chappa oʻqiganda ham maʼlum maʼno chiqadigan tarzda qoʻllash, misra yoki jumlaga shu tarzda tartib berish; mumtoz sharq adabiyotshunosligida qalb (q.) deb yuritiladi. P.da oʻng yo chappa oʻqilishidan qatʼi nazar, bir xil maʼno chiqishi (ayrim manbalarda turli maʼnolar chiqishi ham P.ga mansub etilaveradi) koʻzda tutiladi. Misra (jumla) doirasidagi P. soʻzma-soʻz tartibda yoki harflar boʻyicha oʻqilganda, soʻz doirasidagisi esa harflar boʻyicha oʻqilganda voqe boʻladi. Agglyutinativ tillarga mansub turkiy tillarda misra (jumla) doirasidagi P.ning voqe boʻlishi juda qiyin, bunga soʻz oʻzgartiruvchi qoʻshimchalarning soʻz oxirida kelishi va ketma-ket qoʻshilib borishi xalal beradi; flektiv tillardagi sheʼriyatda misra doirasidagi P.ning harflar boʻyicha voqe boʻluvchi xili siyrak boʻlsa-da, uchrab turadi (mas., “A roza upala na lapu Azora”). Bulardan farqli oʻlaroq, P.ning mazkur xilidan foydalanish imkoni amorf tillarda (mas., xitoy sheʼriyatida) ancha keng. Soʻz doirasidagi P. nisbatan koʻproq uchraydi, undan turli soʻz oʻyinlari qilgan holda muayyan fikrni ifodalash maqsadida foydalaniladi. Mas.:

Men “yoʻq”dan “qoʻy” qildim,

“Yoʻq” soʻzini teskari oʻqib.

“Ovsar” – “rasvo” boʻldi.

“Nodon” esa...

Baribir “nodon”ligicha qoldi (I.Iskandar).

Agar keltirilgan sheʼrda soʻzning oʻng va chappa oʻqilishi ochiq qiyoslangan boʻlsa, Faxriyorning quyidagi sheʼrida oʻzgacha hol kuzatiladi:

Qorni sira toʻymagan shu Yoʻq

Zarbof toʻn haqida oʻylarmi sira?

Va hechsa mingyamoq jandasini u

Teskari kiymoqni oʻylab koʻrarmi?

Avvalgi sheʼrdan farqli oʻlaroq, bunisida soʻzni chappa oʻqish kerakligiga ishora qilish (teskari kiymoq) bilan cheklanilgan. Shoir “yoʻq” soʻzini misrada grammatik jihatdan amaldagi qoidalarga xilof pozitsiyaga qoʻyadi va bu bilan uni alohida, boʻrttirib-taʼkidlab koʻrsatadi, natijada soʻz P. obyektigina emas, qoʻyilayotgan savollarga javob sifatida lirik qahramon iztiroblarining asosi boʻlib qoladi.

Shuningdek, P. usulidan asarga, unda ishtirok etuvchi personajlar, narsa-hodisa, tushuncha va sh.k.larga nom berishda ham foydalaniladi. Mas., A.Karimovning “Qaro koʻzim” fantastik qissasida harakatlanuvchi Asnrona, Azurefi, Aruhshama kabi personajlarning ismi Anora, Feruza, Mashhura ismlarini chappa oʻgirib hosil qilingan. Faqat yangi ismlar talaffuziga oʻziga xoslik (goʻyo oʻzga sayyoraliklar tiliga moslik) bagʻishlash uchun hosil qilingan ismlarda tovush orttirilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish