← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Pamflet

Pamflet (fr. pame feuillet – uchar varaqa) – publitsistika janri, aniq bir shaxs yoki ijtimoiy tuzilma (tuzum, partiya, harakat, guruh va b.)ni keskin fosh etish maqsadiga qaratilgan kichik hajmli asar. P.ning uslubiy xususiyatlari shu maqsadga mos: taʼkidlar, murojaatlar va kuchli emotsionallik asosida yuzaga keluvchi ritorik intonatsiyalar, patetik ruh, aforistik xarakterda ifodalangan hukm-xulosalar, oʻtkir sarkazm darajasiga yetadigan yakson qiluvchi kinoyaviylik. Bular P.ning oshkor tendensioz ruhda boʻlishini, oʻquvchiga bevosita taʼsir qilishini taʼminlaydi. Garchi P. janr sifatida Reformatsiya davriga kelib qaror topgan boʻlsa-da, unga xos xususiyatlar antik adabiyotdayoq mavjud boʻlgan. Jahon adabiyoti tarixida M.Lyuter, E.Rotterdamskiy, J.Milton, J.Svift, V.Gyugo, E.Zolya, G.Mann, A.Gersen, L.Tolstoy kabi ijodkorlar qalamiga mansub P.lar mashhur va muhimi, ular oʻz davri ijtimoiy-siyosiy tafakkuriga jiddiy taʼsir oʻtkazgan. XX asrda, ayniqsa, 20 – 30-yillarda Gʻ.Gʻulom, H.Olimjon, A.Qahhor singari adiblarimizning qator publitsistik chiqishlari, garchi ularning janri aksar felyeton deb belgilangan boʻlsa-da, mohiyatan P. sanalishi mumkin (mas., Gʻ.Gʻulom. “Yankilar, uyingga yoʻqol!”, “Jomasi pok, oʻzi nopok bandalar” va b.). P.ga xos yuqoridagicha xususiyatlar baʼzan badiiy asarlarda ham kuchli voqe boʻladi va shu bilan bogʻliq holda pamfletlilik haqida gapiriladiki, bunday asarning hamma unsuri – tili, uslubi, obrazlar tizimi toʻlaligicha fosh etish maqsadiga yoʻnaltiriladi. Shuni nazarda tutib, adabiyotshunoslikda baʼzan hikoya-P., roman-P., pyesa-P. singari atamalar ham ishlatiladiki, ular asarning janrini emas, koʻproq uslubiy xususiyatlari, gʻoyaviy yoʻnalishini aniqlashtirishga xizmat qiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish