← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Paradoks

Paradoks (yun. paradoxos – kutilmagan, gʻalati) – jamiyatda anʼanaviy tarzda hukm surib kelayotgan, aksariyat tomonidan qabul qilingan fikrga, baʼzan esa zohiran sogʻlom mantiqqa zid gap. P. aforistikaga xos loʻnda va oʻtkir ifoda shakliga ega boʻladi va oʻzi inkor qilayotgan fikr ziddiga ishontira olish yo olmasligi, qay darajada toʻgʻriligidan qatʼi nazar, originalligi bilan eʼtiborni jalb qiladi. Mazkur jihatlari bilan P. bahs-munozaralar, publitsistik chiqishlar, satirik asarlar, zamonaviy anekdotlarda samarali badiiy usulga aylanadi. Mas., Faxriyorning “Aksilekologiya”(1985) sheʼrida koʻpchilik ongida qaror topgan “inson tabiatni boʻysundira oladi”, degan qarash P. tarzida inkor etiladi:

Payhon qilar odamni ekin,

Tashbih nadur, dalalarning oʻzi biy.

Choʻllar uni quvlab boradi,

Yo rabbiy.

P. tarzida ifodalangan fikrdagi kutilmaganlik uning oʻquvchi ongida muhrlanib qolishiga, keyinchalik qayta-qayta mushohada qilinishiga asos boʻlishi bilan, ayniqsa, eʼtiborlidir (mas., Faxriyor: “Yurak qushdir. Qafas bilan birga tugʻilgan qush”; “Daryo, seni qandoq choʻmiltiramiz, Qayda yuvinarsan, bulgʻanchiq daryo?”). Baʼzi asarlardagi syujet situatsiyalari, hatto asar toʻlaligacha P. prinsipi asosiga qurilishi mumkin. Jumladan, Faxriyorning quyidagi sheʼri:

Un boʻlmasa ham uyida,

Dehqon elagini sotmaydi.

Shikoyatlar kelmas oʻyiga,

Birovga arz qilib yotmaydi.

Ochlik yengib, toq boʻlsa toqat,

Ikki dunyo tor kelsa koʻzga,

U zorlanmas, soʻkinmas, faqat

Elagini tutar ogʻizga.

Shoir P. asosida “El ogʻziga elak tutib boʻlmaydi” maqolini qayta mushohada etadi, mustabid tuzum sharoitida mutelashgan xalq fojiasini, zamona va tuzumga kinoyali munosabatini ifodalaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish