← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Parallelizm

Parallelizm (yun. parallelos – yonma-yon turuvchi yoki boruvchi) – 1) xalq ogʻzaki ijodida juda keng qoʻllangan, keyinchalik yozma adabiyot tomonidan oʻzlashtirilgan tasvir usuli, muayyan oʻxshashlikka ega narsa-hodisalarni parallel (yonma-yon) tarzda tasvirlash. P. tasvirlanayotgan narsa-hodisalar orasidagi oʻxshashlik yoki zidlik tufayli obrazni jonli tasvirlash, his-tuygʻuni yorqin ifodalash imkonini beradi. Poetik usul sifatida P. ildizlari inson oʻzini tabiatning uzviy boʻlagi hisoblagan, uni ilohiylashtirib va sigʻinib yashagan qadim zamonlarga borib taqaladi. Shu bois ham xalq ijodida tabiat bilan inson hayoti (muayyan hayotiy vaziyat, voqea, ruhiy holat va h.) manzaralarini parallel tarzda tasvirlash, ayniqsa, keng qoʻllangan. Misol uchun mashhur “Yor-yor” misralarini olaylik:

Dalada toychoq kishnaydi

Ot boʻldim deb, yor-yor.

Uyda kelin yigʻlaydi

Yot boʻldim deb, yor-yor.

Mazkur parchada uyda yigʻlayotgan kelin bilan dalada kishnayotgan toychoqning parallel tasvirlangani kelinning ruhiy holatini yorqin ifodalaydi. Toychoq “ot boʻldim deb kishnaydi”, chunki “ot boʻlish” – yetim tashlandi demak, endi u oldingidek onasining bagʻrida betashvish yashay olmaydi; kishnayotgan toychoq oʻzga uyga kelin boʻlib tushgan, “chiqqan qiz childan tashqari” aqidasiga koʻra endi yaqinlariga “yot” boʻlgan kelinning dardini ifodalaydi; 2) analogiya asosida P.ning sintaktik P., leksik-morfologik P., psixologik P., intonatsion P. kabi qator boshqa koʻrinishlari haqida ham gapiriladi. Bu holda tashkillanishi (fonetik, leksik-morfologik, ritmik, sintaktik va b.) jihatidan bir-biriga oʻxshash nutq boʻlaklarini matnning turli boʻlaklarida taʼkidlab joylashtirishga asoslangan stilistik figura, matn kompozitsiyasiga daxldor badiiy usullar tushuniladi. Jumladan, eng koʻp tarqalgan koʻrinishlaridan biri sintaktik P.dir:

Yoʻlin yoʻqotsa odam – muhabbatga suyangay,

Gʻussaga botsa odam – muhabbatga suyangay,

Chorasiz qotsa odam – muhabbatga suyangay...

Keltirilgan misolda P. band doirasida, misralarda jumla qurilishining bir xilligi asosida voqe boʻlsa, baʼzan P. bandlarning sintaktik qurilishidagi bir xillik asosida ham yuzaga chiqadiki, bu strofik P. deb yuritiladi.

Sintaktik P.ning murakkablashtirilgan koʻrinishlari ham boʻlib, bunga xiazm va inkorli P.larni misol qilish mumkin. P.ning jumladagi soʻzlarni toʻla yoki qisman teskari tartibda takrorlash asosiga qurilgan koʻrinishi xiazm, keyingisi avvalgi boʻlakni inkor qiluvchi turi esa inkorli P. deb ataladi. Quyidagi misolda ularning ikkisi ham mavjud:

Yomonning yaxshisi boʻlguncha,

Yaxshining yomoni boʻl.

Somonning bugʻdoyi boʻlguncha,

Bugʻdoyning somoni boʻl;

3) yana analogiya asosida kompozitsion P. tushunchasi ham yuzaga kelgan. Kompozitsion P. turli koʻrinishlarda namoyon boʻladi. Mas., epik asarlardagi bir paytda yonma-yon kechayotgan (mas., Ch.Aytmatovning “Qiyomat” romanidagi Avdiy, Akbara va Boʻston syujet chiziqlari) yoki turli zamonda kechgani holda parallel tasvirlanayotgan voqealar yotgan syujet liniyalari (mas., H.Sultonovning oʻtmish-hozir paralleliga qurilgan “Ajoyib kunlarning birida” qissasi) kompozitsion P.ga misol boʻla oladi. Shuningdek, tabiat tasviri bilan qahramon ruhiyati, xayoldagi holat bilan hayotiy holat, tush bilan oʻng va sh.k.ni parallel tasvirlash ham kompozitsion P. usulida amalga oshadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish