← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Parda

Parda – dramatik asarning sahnaga qoʻyilganda uzluksiz voqea sifatida ijro etiluvchi boʻlagi. Odatda, sahnada shu boʻlak ijrosi tugagach, parda tushiriladi: oʻzbek adabiyotshunosligida P. termini shu asosda paydo boʻlgan, jahon adabiyotshunosligida akt (lot. actus – harakat) termini bilan yuritiladi. Dramani P.larga boʻlish antik davrdayoq anʼana tusiga kirgan, P.lar orasida xorning qoʻshiq-raqslari ijro etilgan. Antik adabiyotda dramaturglar asarni besh P.ga boʻlganlar, bu narsa klassitsizm davrida qatʼiy qoidaga aylantirilgan. Keyingi davr adabiyotida bunday qatʼiylik yoʻq: dramatik asarlar bir yoki bir nechta P.dan iborat qilib boʻlinaveradi. Shu bilan birga, hozirda dramatik asarni P.larga emas, bir-birini davom ettiruvchi “epizod”larga boʻlish va spektaklni bitta antrakt (tanaffus) bilan tugatish anʼanasi shakllangan. Dramatik asarning ijro uchun moʻljallangani P.larga boʻlinishini tabiiy va zarur holga aylantiradi. Chunki, odatda, bir P. voqealari uzluksizligi va bir joyda kechishi, ishtirok etuvchi personajlar tarkibi bilan butunlik hosil qiladiki, undan soʻng P. tushirilishi keyingisining ijrosi uchun zarur ishlarni amalga oshirish (sahna dekoratsiyasi, kostyum oʻzgarishi, grim va sh.k.) imkonini beradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish