← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Parodiya

Parodiya (yun. parodia – teskari qilib kuylash) – 1) biron bir asar, ijodkor, ijodiy uslub, janr kabilar ustidan kulib yoziladigan asar. P.da kulgiga olingan asar (ijodkor, uslub, janr va b.)ga xos belgilar saqlab qolingani holda, mazmuni unga nomuvofiq boʻladi. Shunga koʻra, P.ning mohiyati kulgiga olingan obyekt (asar, ijodkor, uslub, janr va b.) bilan birlikda anglashiladi, bu holda P. obyekti bilan kulgi obyekti bitta. Mas.:

Toshqinlik, shoshqinlik suvgadir xos, Porloqlik, yorqinlik nurgadir xos. Uchirish, oʻchirish – suvgadir xos, Barq urish, boʻy tarash – gulgadir xos. Yo.Ishoqovning “Xususiyat” sheʼridanChoʻktirish suvga xos, boʻktirish – oshga, Oyoqdan chalmoqlik xos erur toshga. Men senga yangi gap aytmoqchi edim, Naylay shu eski gap kebqoldi boshga. Oʻ.Saidov parodiyasi;

2) muayyan asar, odatda, koʻpchilikka tanish asarga xos shakliy xususiyatlarni saqlagan holda, boshqa bir mavzuni hajviy talqin qilishga qaratilgan asarlar ham P. deb yuritiladi. Bu holda P. obyekti bilan kulgi obyekti bitta emas. Yaʼni bunda obyekt qilib olingan asar ustidan kulish maqsadi emas, boshqa maqsadlar kuzatiladi. Mas., “Kamayib qolmas-ku davlating axir, Bir bor koʻkragimga taqib qoʻysang gul” – “Kamayib qolmas-ku davlating axir, Bir bor choʻntagimga solib qoʻysang pul”.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish