← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Parsellyatsiya

Parsellyatsiya (fr. parcelle – uzv, boʻlak) – nutq ifodaviyligini oshirish usullaridan biri, melodika bilan bogʻliq nutq figurasi; bitta jumla tarkibidagi boʻlaklarning intonatsion jihatdan alohida gap shaklida berilishi. P.ga uchragan boʻlaklar yozuvda tinish belgilari bilan ajratiladi. Mas., U.Azim sheʼridan:

Daraxtlarni zulumot koʻmdi.

Daraxtlarga qargʻalar qoʻndi.

Zulumotni oralab noxush

Qanot qoqib oʻtdi bir boyqush.

Bir vahima!.. Hasrat!..

Parchadagi soʻnggi ikki misra grammatik jihatdan bir butunni (Qanot qoqib oʻtdi bir boyqush – bir vahima, hasrat...) tashkil qilib, misrada alohida gap shaklini olgan boʻlaklar (Bir vahima!.. Hasrat!..) aslida ajratilgan izohlovchilardir. Ularning alohida gap shaklini olishi sheʼrga oʻziga xos ohang bagʻishlab, mazmunni kuchaytirishga (noxush holatning yorqin ifodasiga) xizmat qiladi. Oʻzbek sheʼriyatida P. hodisasi koʻproq uyushiq boʻlaklarni (U.Azim: “Yuraver. Qolma yoʻldan. Qolgan qolar. Achinma. Choʻchima hech narsadan ), undalma va undovlarni (U.Azim: “Mayda odam! Shoshma! Oʻz boshing qolib, Yana oʻzga boshni olib ketyapsan”; “Nodon! Maqsad tiriklik, ishon!”), shuningdek, sanash ohangida bogʻlangan yigʻiq sodda gaplarni (U.Azim: “Botir boʻl. Olgʻa yugur. Qoʻrqma har xil qotildan”) alohida ajratish orqali voqe boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish