← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Pauza

Pauza (yun. pausis – toʻxtam) – nutqning bir tekis oqimidagi uzilish, toʻxtam. Jonli nutqda P.lar fikrni aniq-ravshan, kerak oʻrinlarni ajratib-taʼkidlab ifodalashga yordam beradi va shu jihatdan mazmun ifodalovchi muhim unsurlardan sanaladi. Badiiy nutqda P.ning ikki turi ajratiladi: jumlaning sintaktik qurilishi bilan belgilanuvchi mantiqiy P. va unga bogʻliq boʻlmagan ritmik P.lar. Agar mantiqiy P.lar har qanday nutqqa xos boʻlsa, ritmik pauzalar faqat sheʼriy nutqqa xos hodisa sanaladi. Ritmik P.lar baʼzan mantiqiy P.larga ham mos keladi, lekin shunga qaramay, sheʼriy nutqda ritm talabidan kelib chiquvchi ritmik P.lar yetakchilik qiladi. Sheʼriy nutq ritmini his etishda P.lar juda muhim boʻlib, ular ritmik boʻlaklarni (turoq, misra, band) talaffuzda bir-biridan ajratadi va shu asosda ritmiklik yaqqol seziladi. Ritmik P.lar sifat jihatidan darajalanadi: turoqlardan keyingi P. tom maʼnodagi toʻxtam emas, u koʻproq melodikaning oʻzgarishi hisobiga tasavvur qilinadi; misradan keyin ancha sezilarli P., band nihoyasida esa bundan-da aniq seziluvchi P. boʻladi (q. ritm).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish