← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Perifraz

Perifraz (A) (yun. peri – yaqin, atrofida, phrasis – gapiraman) – narsa-hodisa, joy yoki shaxsni oʻz nomi bilan emas, unga xos tavsifiy belgilarni ifodalovchi soʻz birikmasi bilan atash; mohiyatan koʻchimga yaqin boʻlgani uchun manbalarda koʻchim turi deb koʻrsatiladi. Mas., “Ikki daryo oraligʻida Haq adolat topmadi qaror” misralarida geografik joylashishiga oid belgi orqali Oʻzbekiston atalmoqda, bu oʻrinda narsa va uning joylashish oʻrni aloqadorligi asosidagi koʻchim kuzatiladi. Yoki “Sharqning yulduzi” (Oʻzbekiston), “yurtimning yuragi” (Toshkent), “Sharq darvozasi” (Toshkent) kabi P.larda ham oʻxshashlik, funksiyadoshlik asosidagi maʼno koʻchishi mavjud. Biroq P.da hammavaqt ham maʼno koʻchishi kuzatilavermaydi. Mas., Toshkent oʻrniga “yurtimiz poytaxti”, A.Qodiriy oʻrniga “milliy romanchiligimiz asoschisi”, S.Ahmad oʻrniga “qahramon adibimiz” tarzida atagan P.larda maʼno koʻchishi mavjud emas, ular obyektni unga xos belgilarni oʻz maʼnosida ifodalash orqali ataydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish