← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Peripetiya

Peripetiya (yun. peripeteia – kutilmagan burilish) – syujetshunoslik kategoriyalaridan biri, voqea rivoji va qahramon taqdiridagi kutilmagan keskin burilish. Antik drama nazariyasida P. termini faol qoʻllangan boʻlib, bu hol antik drama xususiyatlari bilan izohlanadi. Jumladan, Arastu “Poetika”da tragediyadagi P.ni qahramon saʼy-harakatining koʻzlanganiga tamoman zid holatga olib kelishi sifatida tushuntiradi. Yaʼni P.ga kutilmaganlik, qandaydir tasodif tufayli voqealar rivoji va qahramon taqdirida kutilmagan evrilishlar yuz berishi xos boʻlib, bu qahramon bilan taqdiri azal konflikti asosiga qurilgan syujetlarda muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Mas., Sofoklning “Shoh Edip” tragediyasida avval choʻpon, keyin esa elchi olib kelgan xabar syujet voqelari rivojida keskin burilish yasaydi, natijada shodlikdan qaygʻuga yoki, aksincha, qaygʻudan hursandchilikka birdan oʻtish kuzatiladi. P.da qahramon hayotidagi evrilishlar “baxtiyorlik – baxtsizlik” yoki “baxtsizlik – baxtiyorlik” sxemalari asosida amalga oshadi, syujetning bunday tartibda qurilishi asarga qiziqarlilik, oʻqishlilik baxsh etadi. Shuning uchun ham P. antik adabiyotda, oʻrta asrlar va Uygʻonish davri adabiyoti namunalarida voqeaband syujetlarning muhim strukturaviy unsuri boʻlgan. Badiiy tafakkurning realizm bosqichiga yaqinlashishi barobaridadadada qahramon taqdirida tasodif, umuman, taqdiri azal roli susayib, undagi oʻzgarishlarning ijtimoiy-psixologik omillarini ochishga intilish kuchayadi, shu bilan bogʻliq holda, P.ning syujet strukturasidagi roli va salmogʻi ham oʻzgaradi. Albatta, u izsiz yoʻqolgani yoʻq, chunki, birinchidan, u syujetga qiziqarlilik baxsh etuvchi unsur, ikkinchidan, inson hayotida tasodif sezilarli oʻrin tutishini ham inkor qilib boʻlmaydi. Biroq realizm adabiyotida tasodif ham muayyan hayotiy asosga ega, yaʼni u haqiqatga monand tasvirlanadi. Mas., “Oʻtgan kunlar”da Otabekning usta Olim bilan uchrashib qolishi – tasodif, usta Parfi sabab dushmanini tanishi – tasodif, gʻanimlar rejasidan voqif boʻlishi – tasodif va bularning bari hayotiy zaminga ega. Hozirgi adabiyotshunoslikda P. termini, asosan, dramatik asarlarga nisbatan qoʻllanadi, epik asarlar tahlilida esa tushunchani situatsiya termini oʻziga qamrab oladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish