← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Personajli lirika

Personajli lirika – subyektiv shakllantirilishiga koʻra farqlanuvchi lirika koʻrinishlaridan biri, lirik kechinma ham lirik qahramon, ham oʻzga bir shaxs tilidan ifodalanuvchi sheʼr. Yaʼni bunday sheʼrda lirik qahramon bilan bir qatorda personaj (oʻzga bir shaxs)ning ishtiroki ham koʻzda tutiladi. P.l.ning ildizlari xalq ogʻzaki ijodi va mumtoz adabiyotga borib taqaladi, ularda P.l.ning kurtaklari mavjud. Jumladan, mumtoz adabiyotimizdagi koʻplab sheʼrlarda yor, agʻyor kabi personajlar ishtirok etadi. Biroq, mas., yor obrazi mavjud sheʼrlarning barini ham P.l. namunasi deyish toʻgʻri emas, ularning aksariyatida yor tavsiflanadi, xolos. P.l.ga kiritish uchun esa oʻzga shaxs sheʼr subyektlaridan biriga aylanishi, uning tilidan ifoda etilgan lirik kechinma (oʻy-fikr, his-tuygʻu) mustaqil gʻoyaviy-badiiy qimmat kasb etishi, boshqacha aytsak, sheʼr dialogiklik (polifoniklik) xususiyatiga ega boʻlishi taqozo etiladi. Mas., E.Vohidovning “Hozirgi yoshlar” sheʼrini P.l.ning yaxshi namunasi sifatida koʻrsatish mumkin. Sheʼrdagi lirik personaj – cholning oʻy-hislari lirik qahramon oʻy-hislariga uyqashgina emas, toʻlaqonli gʻoyaviy-estetik qimmatga ham ega, chunki sheʼrda estetik mushohada obyektiga ikkita nigoh bilan qaraladi, lirik subyekt ikkilangan. P.l.ga xos bunday belgilovchi xususiyat A.Oripovning “Samolyotda yozilgan sheʼr”, X.Davronning “Dunyo goʻzal...”, “Bobur” kabi qator sheʼrlarida ham kuzatiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish