← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Peyzaj

Peyzaj ( fr. paysage – joy, yurt) – adabiy asarda yaratiluvchi badiiy voqelikning muhim komponenti, voqealar kechuvchi ochiq makon (yopiq makon – interyer) tasviri. Anʼanaga koʻra, P. deyilganda, tabiat tasviri tushuniladi, lekin bu xil tushunish birmuncha torroq. Chunki P. nafaqat tabiatni (agar bu soʻz ostida birlamchi tabiat tushunilsa), balki u bilan birga inson tomonidan yaratilgan narsalar tasvirini ham koʻzda tutadi. Shu maʼnoda, mas., biron-bir xiyobon yoki shahar koʻchasining tasviri ham P., holbuki, ular tabiat tasviri emas, joy tasviridir. Yozuvchi P.ni voqealar rivojini toʻxtatib qoʻygancha mufassal tasvirlashi (statik P.) yoki unga taalluqli detallarni voqealar davomida berib borishi (dinamik P.) mumkin. Asarda P. bajaruvchi birlamchi funksiya voqealar kechayotgan joy va vaqt haqida tasavvur berishdir. Biroq P.ning asardagi funksiyalari bu bilan cheklanmaydi, u polifunksionallik xususiyatiga ega. Jumladan, P. qahramon ruhiyatini ochish vositasi sifatida keng qoʻllanadi. Bunda joy tasviri (undagi “rang”lar) personaj ruhiyati bilan uygʻunlik kasb etishi ham, unga kontrastli fon boʻlib xizmat qilishi ham mumkin; qahramon ruhiyatidan oʻtkazib berilgan P. esa uning ayni damdagi holatini tasvirlash vositasi (mas., “Oʻtgan kunlar”dagi haydalgan Otabek koʻzi bilan koʻrilgan tol) boʻla oladi. Shuningdek, ayrim hollarda P. syujet voqealarini asoslaydi yoki ularning u yoki bu yoʻnalishda rivojlanishiga (mas., A.Oripov. “Hangoma”) turtki beradi. Turli adabiy turlarga mansub asarlarda P.ning oʻrni va sifati farqlanadi. Epik asarlarda ancha mufassal tasvirlangan P.lar keng oʻrin tutsa, dramatik asarlarda faqat shartli ravishdagina P. haqida gapirish mumkin. Zero, remarkalarda joyga xos bir nechta asosiy detallarni umumiy tarzda keltirishning oʻzini faqat shartli ravishdagina joy tasviri deyish mumkin. Lirik asarlarda ham P. koʻproq detallar tarzida mavjud, biroq ular lirik syujetni rivojlantirish, asoslashga xizmat qiladi, lirik holat vaqti va makoni haqida tasavvur beradi, lirik subyekt ruhiyatidan oʻtkazib berilgani bois oʻsha kayfiyatning suratiga aylanadi yoki uni ifodalash uchun fon vazifasini oʻtaydi va b. Yaʼni P.ning lirikadagi funksiyalari koʻlamliroq, faqat tasvir koʻlami (peyzaj lirikasi istisno qilinsa ) torroq.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish