← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Peyzaj lirikasi

Peyzaj lirikasi – tavsifiy lirikaning bir turi, lirik subyektning his-tuygʻu va kechinmalari tabiat tasviri orqali ifodalangan asarlar. P.l.da tasvirlangan tabiat manzarasida lirik subyekt qalbi suratlanadi, lirik subyekt qalbidan oʻtkazib berilgan manzara oniy kayfiyatning obraziga aylanadi. Shu maʼnoda, P.l.da tabiatni tasvirlash maqsad emas, balki bir vositadir. Lirik asarlarni tasniflashda P.l. koʻp hollarda tematik jihatdan ajratiladi. Biroq bu xil tasnifda muayyan shartlilik mavjud. Zero, sheʼrda peyzaj tasvirlangani holda, u tematik jihatdan falsafiy (A.Oripov. “Kuz xayollari”), ijtimoiy-siyosiy (A.Oripov. “Bahor kunlarida kuzning havosi”), intim (A.Oripov. “Sen bahorni sogʻinmadingmi?”) va b. yoʻnalishlarda boʻlishi mumkin. Koʻp hollarda sheʼrda tasvirlangan manzara ramziy obrazga aylanadi va mavjudlikning mangu muammolari, ijtimoiy hayot, inson feʼl-atvori, hayotning mazmuni va sh.k.lar mohiyatini obrazli tarzda ochib berishga qaratiladi (Oybek. “Naʼmatak”). Sheʼrni P.l.ga kiritish uchun unda toʻlaqonli manzaraning chizilishi taqozo etiladi. Shu maʼnoda, peyzaj detallari kechinmalarga turtki beruvchi, lirik holatni yaratuvchi va sh.k. kompozitsion unsur vazifasini oʻtagan sheʼrlar bilan P.l.ni farqlash joiz. Mas., A.Oripovning “Bahor” sheʼrida peyzaj elementlari his-tuygʻularga turtki beradi, ularning rivojidagi burilishlarni asoslaydi, sheʼrning ayrim parchalari – toʻlaqonli tabiat manzarasi. Shunga qaramay, “Bahor” P.l. namunasi emas, peyzaj detallari keng istifoda etilgan meditativ lirika namunasidir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish